Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Turkiy davlatlar tashkiloti turkiy dunyo umumiy moddiy va nomoddiy madaniy merosi raqamli katalogini tayyorlamoqda. Bu haqda Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi rahbari Oqto‘ti Raimqulova “Anadolu” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Shuningdek, u UNYeSCO doirasida “Turk dunyosi madaniy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya” qabul qilish uchun huquqiy asos yaratish boshlanganini ham aytdi.
***
Xitoy yaqin 20 yil ichida harbiy qudrat borasida AQSHdan o‘tadi, dedi Ogayo shtati senatori Jeyms Devid Vens. Kongressmen “The Nyew York Times” gazetasiga bergan intervyusida “Ikkinchi jahon urushining eng asosiy va hozir unutilgan sabog‘i harbiy kuch sanoat qudrati natijasi ekanidir. Biz o‘tgan asr 80-90-yillardagi qudratli sanoat bazamiz tufayli hamon eng yirik harbiy super davlatmiz, ammo hozir Xitoy sanoati biznikidan kuchliroq. Demak, ular 20 yildan keyin harbiy sohada ham bizdan kuchli bo‘ladi.
***
– NATO Ukraina uchun qanday shart asosida tinchlikka rozi bo‘lish masalasini hal qilmaydi, – dedi alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda bo‘lib o‘tgan mudofaa vazirlari darajasidagi NATO – Ukraina kengashi yig‘ilishi yakuni bo‘yicha bergan intervsida. – Biz bu yerda, qarorgohda o‘tirib, Ukrainada tinchlik o‘rnata olmaymiz... Bu ishni Ukrainaning o‘zi qiladi.
***
– Ispaniya Yevropaning barcha mamlakatlarini Falastinni davlat sifatida tan olishga chaqiradi, – dedi Bosh vazir Pedro Sanches. Mojaroni hal qilishning yagona yo‘li shu. Madrid G‘azo sektorida qon to‘kilishini to‘xtatish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda.
***
NATOning 300 mingdan ortiq askari yuqori tayyorgarlik holatida, dedi nomini oshkor etmaslik shartini qo‘ygan alyans vakili “Frans Press” agentligiga. Vaziyat NATO qo‘mondonlari ushbu kuchlarni 30 kun ichida urushga kirita olishini ko‘rsatadi.
***
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi rahbari Zokir Gasanov Xitoy Xalq ozodlik armiyasi xalqaro harbiy hamkorlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yao Ging boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Vazirlik tarqatgan xabarga ko‘ra, uchrashuvda Harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalasi muhokama qilingan. Gasanov Xitoy delegatsiyasiga Ozarbayjon – Armaniston chegarasidagi vaziyat haqida ma’lumot bergan. O‘z navbatida Yao Ging mintaqada tinchlikni ta’minlashda Xitoy Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidlagan.
***
Armaniston Bosh vaziri apparati rahbari Arutyunyan rasmiylarga Belarusga rasmiy tashriflarni istisno qilish haqida ko‘rsatma berdi. Bu haqda mamlakat ommaviy axborot vositalari xabar tarqatdi.
“Politico” nashri ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik inqirozga 2018-2022 yillar davomida Belarus, go‘yo, Ozarbayjonga qurol yetkazib bergani sabab bo‘lganini yozdi.
13 iyun kuni Nikol Pashinyan Belarusga har qanday rasmiy tashrif bekor qilinishini aytgan. Shundan so‘ng Belarus va Armaniston o‘zaro maslahatlashuv uchun elchilarini chaqirib oldi.
***
– Garovga olingan isroilliklarning qanchasi tirikligi haqida hech kim hech qanday tasavvurga ega emas, – dedi XAMAS vakili Hamdan CNN telekanaliga. – Asirlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv o‘t ochish butunlay to‘xtatilishini kafolatlashi kerak. Afsuski, Isroil hujum faqat 6 haftaga cheklanishi, keyin jang davom ettirilishini aytmoqda.
***
“TRT Xaber” telekanali xabar berishicha, Turkiya g‘arbidagi Izmir shahrida 1938 yildan buyon iyun oyining eng issiq kuni qayd etildi. Meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 13 iyun kuni havo harorati 43 darajaga yetgan. Natijada avvalgi rekord yangilangan.
S.Rahimov,
O‘zA