Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp agar saylovda g‘alabaga erishsa, Ukraina masalasini muzokara yordamida hal qila olishini bayon qildi.
Siyosatchi ta’kidlashicha, uning RF yetakchisi Vladimir Putinga va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyga aytadigan gaplari bor.
– Ularni bir joyga yig‘ish kerak, –dedi Tramp amerikalik televideniye va radio boshlovchisi Sebastyan Gorkiga bergan intervyusida. – Men ikkalasiga hali hech kimga oshkor etmagan fikrlarni aytaman. O‘ylashimcha, natijaga erisha olaman.
***
EI tomonidan muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan daromadning bir qismi tinchlik fondiga o‘tkazilishi mumkin, dedi EI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.
EI mamlakatlari tashqi siyosat rahbarlari dushanba kuni o‘tkazilgan majlisda bu masalada yakuniy qarorga kela olmadi. Binobarin, ular Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun Yevropa tinchlik fondidan qo‘shimcha 5 milliard yevro ajratishga kelishib olgan.
***
Yevropa Ittifoqi AQSH saylovi natijasiga qarab qolmasdan, o‘z xavfsizligini mustaqil ravishda ta’minlashi, hatto harbiy iqtisodiyot rejimiga o‘tishi kerak, deyilgan Yevrokengash rahbari Sharl Mishel tarqatgan bayonotda.
– Mudofaa masalasida tayyorgarlikni kuchaytirishimiz va harbiy iqtisodiyot rejimiga o‘tishimiz zarur, – deb yozgan u “Libre” nashrida e’lon qilingan maqolasida. – Xavfsizligimizni himoya qilish uchun mas’uliyatni zimmamizga olish vaqti keldi. Endi AQSHdagi saylov natijasiga qarab qalmasligimiz kerak.
***
Turkiya tashqi siyosat idorasi rahbari Hoqon Fidan “CNN Turk” telekanaliga bergan intervyusida Ukraina ziddiyatini 2024-yil bartaraf etib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Uning fikricha, bu masalani hal qilish uchun poydevor yo‘q. Mojaroni yaqin kelajakda hal qilish istiqboli ham yo‘q, deya qo‘shimcha qilgan Fidan.
***
Qozog‘istonda sobiq politsiyachilar 2022-yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan tartibsizlikda qiynoq usuliga yo‘l qo‘ygani uchun qamoq jazosini oldi, deb xabar tarqatdi Jetisuv viloyati prokuraturasi.
– 2024-yil 18-mart kuni Toldiqo‘rg‘on shahri sudida yanvar voqealarida qiynoq usulini ishlatgani uchun to‘rt nafar sobiq politsiyachi 6-yilgacha muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi – deyilgan matbuot xabarnomasida. – Davlat qoralovchilari xulosasi bilan 2022-yil 5-16-yanvar kunlari Almati viloyati politsiya departamentida aybdor shaxslar tergov jarayonida taqiqlangan usullar, ya’ni jismoniy zo‘ravonlikdan foydalangani isbotlandi.
***
Polsha va Germaniya Ukrainaga tank yetkazib berish bo‘yicha koalitsiyani faollashtiradi, deb bayonot berdi Polsha milliy mudofaa vaziri, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Vladislav Kosinyak-Kamish GFR mudofaa vaziri Boris Pistorius bilan uchrashuvdan keyin bergan bayonotida.
– 26-mart kuni Polsha va Germaniya yetakchilari sifatida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun zirhli texnika yetkazib berish imkoniyati bo‘yicha koalitsiyani faollashtiramiz, – dedi Kosinyak-Kamish. – Biz ushbu loyiha yetakchilarimiz, tashabbusga Buyuk Britaniya, Shvetsiya va Italiya ham qo‘shilish istagini bildirgan.
***
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili Rossiya Prezidenti saylovi Moskva tomonidan mustaqil davlat sifatida tan olingan Abxaziya va Janubiy Osetiyada ham tashkil etilganidan noroziligini bayon qildi.
– RF Prezidenti saylovini bosib olingan hududlarda o‘tkazish mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat, – deyilgan Gruziya rahbari ma’muriyati e’lon qilgan bayonotda. – Bu mamlakatimiz yaxlitligini yana bir bor qo‘pol ravishda buzish sifatida xalqaro me’yorga mutlaqo zid.
***
Moldova Prezident Mayya Sandu respublika siyosiy doiralarini mamlakatning EIga a’zo bo‘lishi bo‘yicha referendum natijasini hurmat qilishga chaqirdi.
– Kuzda bo‘lib o‘tadigan referendum bugungi kunimiz va o‘n yillar nari kelajagimizni oldindan belgilab beradi, – dedi Sandu matbuot anjumanida. – Yevropaga integratsiyalashuv maqsadimizni, konstitutsiyaga yozilgandan keyinoq, mamlakatdagi barcha siyosiy sinflar hurmat qilishga majbur.
***
Ukraina Qurolli kuchlarining iste’fodagi generali, Milliy xavfsizlik kengashi kotibi sobiq o‘rinbosari Sergey Krivonos Kiyev g‘arbdagi hamkorlaridan mamlakatga yadro quroli joylashtirishni so‘rashi mumkin edi, dedi.
Fevralning so‘nggi kunlarida Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenko ham Ukrainaga yadro qurolini qaytarishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu “omon qolishning yagona vositasi” hisoblanadi.
***
Ruminiyadagi “Mixail Kogelnichanu” aviabazasi modernizatsiya qilinishi majmuani NATOning Yevropadagi eng yirik bazasiga aylantiradi. Qo‘nalg‘ada 10 ming harbiy joylashishi mumkin, deya xabar tarqatgan “TVR Info” telekanali.
Avvalroq hukumat mazkur aviabazani modernizatsiyalash uchun 2,5 milliard yevro investitsiya kiritishga tayyorligini ma’lum qilgan edi. Obyekt 2040-yil to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
S.Rahimov, O‘zA