Dunyo suratlarda
O‘zA o‘quvchilarni jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalardan suratlar yordamida boxabar etishda davom etadi.

Indoneziya: Kalimantan orolidagi Palangkaraya shahrida o‘rmon yong‘ini tufayli hududni quyuq tutun qopladi. Yong‘in Sumatra oroliga ham tarqalib, Malayziya va Singapurda ham havoni ifloslantirdi. Borneo orolidagi jamoat tashkilotlari hukumatdan har yili takrorlanadigan o‘rmon yong‘iniga qarshi chora ko‘rishni talab qilib, sudga murojaat qilgan.

Xitoy: Shenyan shahrida ayol karam ortilgan elektr velosipedni bozorga olib boryapti. Sentyabr oyida ishlab chiqaruvchilar narxni 5 foiz oshirib, so‘nggi to‘rt yildan beri eng yuqori o‘sishni qayd etdi. Bunga yonilg‘i narxi ko‘tarilishi va biznes xarajati oshishi sabab bo‘lgan.

Vetnam: Xoshimin shahridagi Le Txi Riyeng madaniyat bog‘ida ayol urushda halok bo‘lgan askarlar jasadi solingan tobutlar yonida turibdi. Mamlakatda Fransiya va AQSH bilan bo‘lgan urushlarda halok bo‘lgan, qoldig‘i yaqinda topilgan 700 dan ziyod harbiy xotirasiga dafn marosimi o‘tkazildi. Maqsad – o‘nlab yil davomida daragi chiqmagan askarlar shaxsini aniqlash.

Hindiston: Dehli shahrida Bosh saylov komissari Gyanesh Kumar iste’fosini talab qilib o‘tkazilgan namoyishda xavfsizlik xodimlari faol talabalardan birini ushlab, olib ketdi. Saylovchilar ro‘yxatidan 130 million kishining ismi o‘chirib tashlangani jamoatchilik noroziligini keltirib chiqargan. Natijada go‘yoki, “Narendra Modining hindu millatchiligiga asoslangan hukumati”ga qarshi siyosiy inqiroz yuzaga kelgan.

Ukraina: Kiyevda Rossiya havo hujumidan keyin turar-joy binosida yong‘in sodir bo‘ldi. Tungi zarba oqibatida shaharning besh tumani elektr energiyasi va suv ta’minotidan uzildi. RF ballistik raketa va “Shahid” dronlaridan foydalangani aytilgan.

Nepal: Gorka hududida ko‘chki oqibatida Budxi-Gandaki daryosi toshib, uylar loy ostida qoldi. Tabiiy ofat ta’sirida to‘rt ko‘prik, o‘nlab uy va gidroelektr stansiyasi qurilishi majmuasi vayron bo‘lgan.

Venesuela: Karakas shahrida tibbiyot va ta’lim sohasi mutaxassislari, sobiq xodimlar hamda siyosiy mahbuslarning yaqinlari namoyish o‘tkazdi. Ular ish haqini oshirish va siyosiy mahbuslarni ozod etish talabini ilgari surgan. Namoyish vaqtida Venesuela bayrog‘iga o‘rangan ayol prezident saroyi yaqinida politsiya xodimi bilan yuzma-yuz keldi.

Isroil: Shoxam shahrida 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi oldidan Markaziy saylov komissiyasi logistika markazi xodimlari saylov byulleteni va ovoz berish uskunalarini tayyorlayapti. 2023-yil 7-oktabrdagi HAMAS hujumi hamda G‘azo, Livan va Erondagi qariyb uch yillik urushdan keyin o‘tayotgan saylov mamlakat kelajagiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Pokiston: Chaman shahrida Pashtunxva Milliy avomi partiyasi tarafdorlari namoyish o‘tkazdi. Muxolifat Xayber-Paxtunxva viloyatida favqulodda boshqaruv joriy etilishiga qarshi mamlakat bo‘ylab norozilik bildirishini e’lon qildi.

Ispaniya: Madrid shahrida talabalar o‘qituvchilar bilan birga maktab sharoitini yaxshilash, sinfda o‘quvchi sonini kamaytirish va ish haqini oshirish talabi bilan namoyish o‘tkazdi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA