Dunyo siyosiy maydonida yangragan mardona ovoz
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasi kishini ham sergak torttiradi, ham mamlakatning ertangi kuniga umid bag‘ishlaydi. Maqolada yangi bosqichga o‘tayotgan samarali xalqaro hamkorlikda SHHTning roli zamonaviy taraqqiyotning eng muhim omili sifatida asosli tarzda ochib berilgan.
Abu Rayhon Beruniyning “At-Tafhim” asarida qayd qilinishicha, Misr, Yunon, Eron, Turon, Hind va Chin (Xitoy) o‘lkalarida qadimdan davlatchilik mavjud bo‘lgani, Turon (bugungi Markaziy Osiyo) mazkur davlatlarni bog‘lab turuvchi muhim va markaziy o‘ringa ega bo‘lgan. Bu davlatlarning ko‘pchiligi Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlardir. Ular qadimdan mustahkam davlatchilik an’analariga ega. Demak, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari yigirma yil nari-berisida emas, aksincha, mingyilliklarga borib taqaladi.
Yana bir ahamiyatli jihati, maqolada birinchi bor jafokash afg‘on xalqiga nisbatan to‘g‘ri baho berilgan. Afg‘on xalqi nafaqat o‘zining ozodligi uchun, balki qo‘shnilarining tinchligi uchun ham kurashayotgan qardoshlarimiz sifatida baholanishi, yaqin kelajakda ular Osiyoning yuragi sifatida savdo va boshqa iqtisodiy aloqalarni mustahkamlovchi ko‘prik sifatida ko‘rilishi Davlatimiz Rahbari tomonidan berilgan ob’ektiv va haqqoniy bahodir. Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtojligi, Afg‘onistonga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zish masalasi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘mak berish kabi masalalar o‘rtaga tashlangan. Prezidentimiz tomonidan Afg‘onistonning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish “ma’naviy burchimiz” ekani alohida ta’kidlangan.
Bugun dunyodagi tahlikali vaziyat, begunoh qon to‘kilishi, notinchlik soyasi har bir ma’naviyatli insonning qalbini iztirobga soladi. Prezidentimizning bu masaladagi tashvishli mulohazalari negizida o‘zgalar taqdiriga g‘amxo‘rlik, dunyoda tinchlik barqarorligiga erishish kabi olijanob niyatlar ko‘rinib turibdi.
Maqolaning yana bir muhim tomoni, “Samarqand ruhi” fenomenining ilgari surilgani bo‘ldi. Кўҳна va navqiron Samarqand shahrida SHHT sammitining oliy darajada o‘tkazilayotgani beixtiyor mingyilliklar burun qadimgi davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar aks etgan Afrosiyob yodgorligini esga oladi. Samarqand asrlar davomida ilm-fan, madaniyat, savdo va iqtisodiy aloqalar poytaxti vazifasini bajargani, bugungi kunda bu shahar qaytadan o‘zining tarixiy missiyasini bajarishga kirishgani quvonarli.
Prezidentimizning maqolada bildirgan fikr va takliflari O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatdagi yakdil pozitsiyasini ko‘rsatib beradi, Markaziy Osiyo davlatlari va qo‘shni Afg‘oniston bilan hamjihatlik aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu dunyo siyosiy maydonida yangragan mardona ovozdir.
Olimjon Davlatov,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar
instituti direktori