“Dunyo sadolari”: Qalbimiz faxrga to‘ldi
Xonobod shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali davom etmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida tashkil etilgan sahnalarda tuman, shahar madaniyat bo‘limlari san’atkorlari, turli ansambllar tomonidan namoyish etilgan badiiy dasturlar, ijro etilgan raqs, kuy va qo‘shiqlar, dorbozlar guruhlarining chiqishlari festival mehmonlariga xush kayfiyat ulashdi.
Festival mehmonlari yurtimiz estradasi xonandalari hamda jahon estradasi yulduzlarining chiqishlaridan bahramand bo‘ldi. Bu ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
[gallery-18528]
– Butun jamoamiz bilan festival tadbirlarini tomosha qilgani keldik, – deydi Buloqboshi tumanidagi 18- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti logopedi Feruza Hojimatova. – Nafaqat yurtimiz, balki jahon estradasi yulduzlarining chiqishlarini bevosita kuzatib, yurtimizda, xususan, Xonobodda mana shunday festival bo‘lib o‘tayotganidan qalbimiz faxrga to‘ldi. Kundan kunga yuksalib borayotgan, dunyoga yuz tutayotgan yurtimizda bu kabi tadbirlar, festivallar bo‘laversin.
“Dunyo sadolari” festivali davom etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari