Dunyo nigohida: Muhim xalqaro xabarlar tafsiloti
Dunyo axborot maydonida ayni kunlarda dolzarb bo’lib turgan xabarlar tafsilotlari bilan studiyada Ziyovuddin Nuriddinov. Yaqin 5 daqiqa ichida Xorij xabarlari, assalomu alekum.
Isroilda hantavirus bilan kasallanishning ilk holati aniqlandi.
Zelenskiy xorijiy siyosatchilarni Moskvada 9 may bayramini nishonlashdan tiyilishga chaqirdi.
Moldova parlamenti faoliyatida rus tilidan voz kichadi.
1-xabar:
Yevropa Ittifoqi Putin bilan ehtimoliy muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yevropa Ittifoqi yetakchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ehtimoliy muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta Financial Times’ga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning aytishicha, YI mamlakatlari bunday muzokaralarni olib borish salohiyatiga ega bo‘lib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham bu jarayonni qo‘llab-quvvatlamoqda. Koshta YI rahbarlari bilan Rossiya bilan ehtimoliy muloqot mavzulari va muzokaralar formatini muhokama qilayotganini bildirgan. Shu bilan birga, Bryussel AQSh vositachiligidagi muzokaralarga xalal bermoqchi emasligi, ammo hozircha Moskvaning jiddiy muzokaralarga tayyorligi sezilmayotganini ta’kidlagan. YI rasmiylari esa Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar cho‘zilib ketayotganidan hamda Yevropa davlatlari jarayondan chetda qolayotganidan xavotir bildirmoqda.
2-xabar:
Zelenskiy xorijiy siyosatchilarni Moskvada 9 may bayramini nishonlashdan tiyilishga chaqirdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xorijiy davlatlar vakillarini Moskvada 9-may munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda qatnashmaslikka chaqirdi. Uning aytishicha, ayrim davlatlar vakillari Moskvaga borish niyatida ekanini bildirgan, biroq Kiyev buni tavsiya etmaydi. Zelenskiy Ukraina avvalroq 6-maydan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilganini, ammo bunga javoban Rossiya yangi hujum va tahdidlarni davom ettirganini ta’kidlagan. Rossiya 8-maydan 10-maygacha bir tomonlama sulh e’lon qilgan bo‘lsa-da, Ukraina bu muddatni kengaytirishni taklif qilgan, biroq Moskva bunga rozi bo‘lmagan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa Ukrainani 9-may tadbirlarini buzishga uringan taqdirda “Kiyev markaziga ommaviy raketa hujumi” bilan tahdid qildi. Ayni paytda Moskvadagi paradga Belarus, Malayziya, Laos hamda Abxaziya va Janubiy Osetiya rahbarlari tashrif buyurishi kutilmoqda. Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sabab Rossiyaning 20 dan ortiq shahrida G‘alaba paradlari bekor qilindi yoki harbiy texnikalarsiz o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
3-xabar:
Xitoy aviakompaniyasi sobiq rahbari hibsga olinadi. Xitoy Oliy xalq prokuraturasi mamlakatdagi yirik aviakompaniyalardan biri — China Eastern Airlines sobiq rahbari Lyu Shaoyunni hibsga olishga ruxsat berdi. Reuters xabariga ko‘ra, u xizmat mavqeyidan foydalanib, pora evaziga ayrim shaxslarga manfaat yetkazganlikda gumon qilinmoqda. Prokuratura sobiq rahbar jinoiy javobgarlikka tortilishi kerakligini ma’lum qilgan. Lyu Shaoyun avval China Eastern Airlines hamda China Southern Airlines boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. U 2025-yil iyunida tergovga jalb etilgan, 2026-yil yanvarida esa Xitoy Kommunistik partiyasidan chiqarilgandi. Xitoyda Si Szinpin hokimiyatga kelganidan buyon korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kampaniya davom etmoqda. So‘nggi yillarda ko‘plab yuqori martabali amaldorlar jazoga tortilgan, ayrim sobiq vazirlarga esa korrupsiya ayblovlari bilan o‘lim jazosi tayinlangan.
4-xabar:
Isroilda hantavirus bilan kasallanishning ilk holati aniqlandi. Isroilda hantavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etildi. The Jerusalem Post xabariga ko‘ra, bemor bir necha oy avval Sharqiy Yevropaga safar qilgan bo‘lib, virusni o‘sha yerda yuqtirgani taxmin qilinmoqda. Dastlab antitanachalar bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar hantavirus belgilarini ko‘rsatgan, keyinchalik PZR-testi kasallikni tasdiqlagan. Bemorning ahvoli barqaror ekani, unga intensiv terapiya yoki qat’iy izolyatsiya talab etilmayotgani bildirildi. JSST ma’lumotiga ko‘ra, hantavirus bilan bog‘liq holatlar yaqinda MV Hondius kruiz laynerida ham aniqlangan. Oqibatda uch kishi vafot etib, kamida sakkiz kishi kasallangan. Reuters xabarida ayrim davlatlar virus tarqalishining oldini olish maqsadida kruiz kemasini tark etgan yo‘lovchilarni kuzatayotgani aytiladi. Hantavirus odamlarga asosan kemiruvchilardan yuqadi va o‘pka hamda buyrak faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Kasallik isitma, mushak og‘rig‘i, charchoq va ko‘ngil aynishi kabi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi.
5-xabar:
Moldova parlamenti faoliyatida rus tilidan voz kichadi. Moldova parlamenti qonunchilik organi faoliyatini tartibga soluvchi yangi kodeks loyihasini ma’qulladi. “Unimedia” xabariga ko‘ra, hujjatga binoan parlamentning yagona ishchi tili sifatida rumin tili belgilanmoqda va qonunchilik jarayonida rus tilidan foydalanish bekor qilinadi. Normativ-huquqiy hujjatlar rumin tilida tayyorlanib, zarurat tug‘ilganda boshqa tillarga tarjima qilinishi ko‘zda tutilgan. Tashabbus hukmron “Harakat va birdamlik” partiyasi deputatlari tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, u Yevrokomissiyaning Yevropa Ittifoqini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan. Moldova so‘nggi yillarda Yevropa integratsiyasi yo‘lida bir qator qadamlar tashladi, jumladan, MDH bilan bog‘liq ayrim kelishuvlarni bekor qildi va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazdi. Prezident Mayya Sandu esa Yevropa yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlagan holda ikkinchi muddatga qayta saylangan edi.
Dunyoda boʻlayotgan voqealar shu bilan tugamaydi. Daqiqa sayin oʻzgarishlar, yangilanishlar bisyor. Ularni biz bilan birga kuzating. Keyingi dasturlar orqali yana koʻrishguncha, xayr, salomat boʻling.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bWnprPo0C8o" title="Европа Иттифоқи Путин билан эҳтимолий музокараларга тайёргарлик кўрмоқда." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>