“Dunyo mamlakatlari” ilm va tafakkur chegaralarini kengaytiruvchi qomusiy manba
Qashqadaryoda ilm-ma’rifat va mutolaa madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan yana bir muhim ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli jurnalist, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Laziz Rahmatovning yangi nashrdan chiqqan “Dunyo mamlakatlari” nomli ensiklopedik kitobi taqdimoti Shahrisabz davlat pedagogika instituti hamda Qarshi davlat texnika universitetida kitobxonlar, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etildi.
Bugungi globallashuv davrda dunyo davlatlari, xalqlarining tarixi, siyosiy tizimi va taraqqiyot yo‘llari haqidagi bilimlarni chuqur o‘rganish har qachongidan ham muhim. Ayniqsa, yoshlarning xalqaro jarayonlarga kengroq nigoh bilan qarashi, tahliliy fikrlashi va dunyoqarashini boyitishda qomusiy asarlarning o‘rni beqiyos. Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobi aynan shu jihatlari bilan alohida e’tibor qozonmoqda.
Shahrisabz davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan taqdimotda viloyat va tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida muallifning ilmiy va ijodiy faoliyati, uning jurnalistika, xalqaro axborot, ilmiy-tadqiqot hamda davlat boshqaruvi sohalaridagi samarali faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, Laziz Rahmatov 1981-yilda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tavallud topgan bo‘lib, mehnat faoliyatini kutubxonadan boshlagan. Keyinchalik u jurnalistika va ilm-fan yo‘nalishlarida izchil faoliyat olib borib, o‘zining ilmiy va publitsistik ishlari bilan keng jamoatchilik e’tiborini qozongan.
Taqdimotda so‘z olganlar “Dunyo mamlakatlari” oddiy kitob emasligini, u ko‘p yillik mehnat va izlanishlar mahsuli ekanini alohida ta’kidladi. Qariyb 1200 sahifadan iborat ushbu qomusiy asarda dunyo davlatlarining tarixi, geografik joylashuvi, siyosiy tizimi, aholisi, iqtisodiy salohiyati, madaniyati, tashqi siyosati va boshqa ko‘plab muhim ma’lumotlar mujassam.
Asarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda har bir davlatning O‘zbekiston bilan aloqalari, hamkorlik yo‘nalishlari, qiziqarli ma’lumotlar, davlat ramzlari, telefon kodlari, internet domenlari kabi amaliy ma’lumotlar ham jamlangan. Bu esa kitobni nafaqat ilmiy manba, balki keng kitobxonlar ommasi uchun foydali qo‘llanmaga aylantiradi.
Qarshi davlat texnika universitetida bo‘lib o‘tgan taqdimot esa samimiy muloqot va fikr almashuvlarga boyligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari Komila Karomova, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar, yosh ijodkorlar va kitobsevarlar ishtirok etdi.
Muallif kitobning yaratilish jarayoni, ma’lumotlarni yig‘ish va tizimlashtirishdagi murakkab, ammo mas’uliyatli mehnat haqida so‘zlab berdi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda talabalar turli mamlakatlar haqidagi qiziqarli ma’lumotlar yuzasidan savollar berib, muallifdan batafsil javob oldi.
Ayniqsa, kitob asosida tashkil etilgan kitobxonlik tanlovi haqidagi ma’lumotlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga muallif tomonidan imzoli kitoblar topshirildi.
[gallery-29463]
Bugun yoshlarni mutolaaga oshno etish, ularni keng tafakkurli va zamonaviy bilimlarga ega shaxs sifatida voyaga yetkazishda ana shunday uchrashuv va taqdimotlarning o‘rni muhim. Zero, kitob – insonni dunyo bilan bog‘laydigan eng ishonchli ko‘priklardan biridir. “Dunyo mamlakatlari” esa ana shunday ma’rifiy ko‘priklardan biri sifatida kitobxonlarni yangi bilimlar sari yetaklashi bilan ahamiyatli.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA