Dunyo hunarmandlari Santa-Feda jam bo‘ldi
Santa - Fe da o‘tkazilayotgan “XX International Folk Art Market” ko‘rgazmasida buxorolik hunarmandlar ham ishtirok etmoqda.
Nyu-Meksiko shtati Santa-Fe shahrida joriy yilning 11-14 iyul kunlari Xalqaro xalq san’ati yarmarkasi o‘zining 20 yilligini nishonlamoqda. Tadbirda 50 dan ortiq mamlakatdan 170 ga yaqin vakillar ishtirok etayotir.

Xalqaro xalq san’ati yarmarkasi 2004 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Uning maqsadi dunyo bo‘ylab xalq san’ati an’analarini namoyon etadigan va asrab-avaylaydigan xalq hunarmandlari uchun iqtisodiy imkoniyatlar yaratishdan iborat.

Buxoro viloyati vakillari, jumladan, kulolchilik maktabi namoyandalari Abdullo Narzullayev, Gulbahor Narzullayeva, hunarmand Behruz Ahmedov va boshqalar “XX International Folk Art Market” xalqaro ko‘rgazmasida o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.

– Har yili ko‘rgazmada o‘zimizning san’at asarlarimiz bilan qatnashamiz, – deydi kulol Abdullo Narzullayev. – Ko‘rgazmada ko‘plab davlatlardan hunarmandlar qatnashadi. Ular bilan tajriba almashamiz va o‘zimizning san’at asarlarimizni dunyoga olib chiqamiz.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri