Dubayda uch mamlakat energetika vazirlari uchrashdi
Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Unda qayd etilishicha, 26-27 may kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida “Qambarota GES-1” loyihasi bo‘yicha vazirlar darajasidagi ikkinchi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Jahon banki ko‘magida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikalari energetika vazirlari, shuningdek, uch mamlakatning suv xo‘jaligi vazirliklari, iqtisodiyot va moliya vazirliklari hamda tegishli energetika kompaniyalari delegatsiyalari ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida “Qambarota GES-1” loyihasini amalga oshirishdagi aniq vazifalar, ularni bajarish muddatlari hamda istiqbolli qadamlar belgilab olindi.
Qayd etilganidek, ushbu loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida energetika xavfsizligini mustahkamlash, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim tashabbus sifatida e’tirof etilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA