Dual ta’lim tizimida yangi imkoniyatlar
Bugungi kunda yurtimizda oliy ta’limda amaliy yo‘nalishlarni kengaytirish va yosh mutaxassislarni ishlab chiqarish bilan yaqindan bog‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada, ayniqsa, dual ta’lim tizimi orqali talabalarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini uyg‘unlashtirish ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Kimyo-metallurgiya fakulteti “Kimyoviy texnologiya” kafedrasi yuqori bosqich talabalari “Navoiyazot” AJning zamonaviy ishlab chiqarish maydonlari va Markaziy laboratoriyasida “4+2” dual ta’lim dasturi asosida amaliy va tajriba mashg‘ulotlarini olib bormoqda.

Bu yerda har bir talabaga sohaning turli jabhalarida amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, 3-bosqich talabalari uchun payshanba va juma kunlari, 4-bosqich talabalari uchun esa seshanba va chorshanba kunlari “Umumiy kimyoviy texnologiya”, “Organik sintez texnologiyasi”, “Energotexnologiya”, “Maishiy noorganik kimyoviy vositalar texnologiyasi” fanlaridan amaliy darslar o‘tilmoqda.

Ushbu mashg‘ulotlar jarayonida talabalar kimyoviy jarayonlarda hosil bo‘ladigan ikkilamchi mahsulotlarni sanoat mahsulotlariga aylantirish jarayonlarini ilmiy va amaliy tadqiq qilish imkoniga ega. Bu esa nafaqat ularning professional salohiyatini yuksaltirmoqda, balki yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Albatta, so‘nggi islohotlar va dual ta’limni keng qo‘llash amaliyotida intellektual salohiyatni oshirish, yosh kadrlarni zamonaviy ishlab chiqarishga tayyorlash va mamlakat iqtisodiyotida yuqori malakali mutaxassislar ishtirokini ta’minlash maqsad qilingan. Shu bois, bugungi kunda yosh kimyogarlar uchun dual ta’lim tizimi nafaqat bilim olish, balki kelajakda mustaqil va samarali mutaxassis bo‘lish yo‘lida muhim qadamdir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri