Pedagoglar malakaisni oshirish bo‘yicha Polsha tajribasi o‘rganildi
Ma’lumki, mamlakatimiz ta’lim tizimi tubdan takomillashmoqda. Bunda o‘qitish sifati va pedagoglar malakasi ulkan ahamiyat kasb etishi tabiiy. Shuning uchun ham bir qator muhim xalqaro hamkorliklar yo‘lga qo‘yilib, zarur tajribalar orttirilmoqda.
Ana shunday islohotlarning mantiqiy davomi sifatida, Varshava shahrida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda pedagoglar malakasini oshirishga ixtisoslashgan “Oś Rozwoju Edukacji” (ORE) davlat muassasasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Polshaning pedagoglar kasbiy rivojlanishi va malaka oshirish borasidagi quyidagi tajribalarii o‘rganildi:
– O‘qituvchilarning karera pog‘onalari va kasbiy o‘sish tizimi;
– Pedagoglar malakasini oshirish markazlarini muvofiqlashtirish;
– Trenerlar tayyorlashda kaskad yondashuvini joriy etish;
– Maktab rahbarlarining boshqaruv va yetakchilik kompetensiyalarini rivojlantirish;
– Pedagoglarga metodik yordam ko‘rsatish va uzluksiz kasbiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash hamda yirik ta’lim islohotini nazarda tutuvchi Polshaning "Reforma26" davlat dasturi doirasida o‘qituvchilarni yangi ta’lim yondashuvlariga tayyorlash.
Uchrashuv yakunida pedagoglar va maktab rahbarlarining kasbiy rivojlanishi yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma o‘quv dasturlari tashkil etishga kelishib olindi.
Sherbek Islomov, O‘zA