Do‘stlik va hamkorlik sari yana bir qadam
2026-yilning 24–25-iyul kunlari Samarqand shahrida Birodar shaharlar birinchi xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.
Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, Birodar shaharlar alyansi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur nufuzli tadbirda xalqaro tashkilotlar ekspertlari, olimlar, biznes va jamoatchilik vakillaridan iborat qariyb 300 nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Forum arafasida uni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, kutilgan natijalar hamda Birodar shaharlar alyansining bugungi faoliyati xususida Birodar shaharlar alyansi raisi Zokir Abidov bilan suhbatlashdik.
— “Birodar shaharlar” tushunchasi aslida nimani anglatadi? Uning dunyo tajribasidagi o‘rni va ahamiyati haqida nimalarni ayta olasiz?
— Avvalo, birodar shaharlar — bu oddiy ikki shahar o‘rtasida imzolangan hujjat emas. Bu xalqlarni yaqinlashtiradigan, o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlaydigan xalq diplomatiyasining eng samarali vositalaridan biridir.
Bu g‘oya Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropada tinchlik va ishonchni qayta tiklash maqsadida paydo bo‘lgan. Bugun esa u butun dunyoga keng yoyilib, madaniy almashinuv bilan birga investitsiyalarni jalb qilish, turizmni rivojlantirish, ta’lim va ilm-fan hamkorligini kengaytirish, ekologik loyihalarni amalga oshirish hamda innovatsiyalarni joriy etishning muhim mexanizmiga aylandi. Eng muhimi, bu munosabatlar davlatlardan avval odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.

— O‘zbekiston uchun birodar shaharlar aloqalarini rivojlantirish nega muhim?
— Hozirgi globallashuv sharoitida hech bir davlat yakka holda rivojlana olmaydi. Mamlakatimizda olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Bugun iqtisodiyot, turizm, madaniyat, innovatsiyalar va investitsiyalarning asosiy qismi aynan hududlar darajasida shakllanmoqda. Shu bois, shaharlar o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston shaharlari dunyoning 80 dan ortiq shahar va hududlari bilan birodarlik aloqalarini o‘rnatgan. Bu mahalliy hokimliklar, universitetlar, tibbiyot muassasalari, tadbirkorlar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
— Forumda xorijiy davlatlar vakillarining keng ishtiroki mamlakatimiz uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?
— Bu, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatidir. Forumda AQSH, Fransiya, Belarus, Latviya, Belgiya, Bolgariya, Slovakiya, Serbiya, Xorvatiya va boshqa davlatlardan vakillar ishtirok etmoqda.
Bu yangi investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, universitetlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, madaniy almashinuv va biznes hamkorligini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
— Nega forumda aynan investitsiya, ta’lim, innovatsiya, turizm va madaniyat yo‘nalishlariga katta e’tibor qaratilgan?
— Chunki bugun shaharlarning taraqqiyoti aynan shu sohalar bilan bevosita bog‘liq. Investitsiyalar yangi ish o‘rinlari yaratadi, ta’lim malakali kadrlarni tayyorlaydi, innovatsiyalar shahar boshqaruvini takomillashtiradi, turizm mahalliy iqtisodiyotga kuchli turtki beradi. Madaniyat esa xalqlarni yaqinlashtiradi. Forum dasturida ushbu yo‘nalishlarga alohida sessiyalar ajratilgani ham bejiz emas.
— Raqamli diplomatiya va sun’iy intellekt birodar shaharlar hamkorligini qanday o‘zgartiradi?
— Bugun masofa - to‘siq emas. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar shaharlar o‘rtasidagi muloqotni yanada tezkor va samarali qilmoqda. Onlayn konferensiyalar, virtual ta’lim dasturlari, raqamli arxivlar, «aqlli shahar» loyihalari yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Xitoylik tibbiyot mutaxassislari bilan onlayn tajriba almashish, xorijdagi vatandoshlar uchun virtual ekskursiyalar tashkil etish shular jumlasidan. Kelgusida sun’iy intellekt hamkorlikning yanada samarali bo‘lishiga xizmat qiladi.
— Oddiy fuqarolar birodar shaharlar hamkorligidan qanday manfaat ko‘radi?
— Ko‘pchilik bu hamkorlikni faqat rasmiy delegatsiyalar bilan bog‘laydi. Aslida esa uning asosiy foydasini oddiy insonlar ko‘radi. Talabalar almashinuv dasturlarida qatnashadi, shifokorlar tajriba o‘rganadi, hunarmandlar mahsulotlarini xorijda namoyish etadi, tadbirkorlar yangi bozorlarga chiqadi, yoshlar qo‘shma loyihalarda ishtirok etadi. Bu esa odamlarning hayot sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
— Forum yakunida imzolanadigan memorandumlardan qanday natijalar kutilmoqda?
— Har qanday memorandumning qiymati uning amaliy natijasida namoyon bo‘ladi. Imzolanadigan hujjatlar asosida qo‘shma investitsiya loyihalari, ta’lim dasturlari, madaniy tadbirlar, turizm tashabbuslari va biznes forumlari amalga oshiriladi. Ya’ni, kelishuvlar aniq loyihalarga aylanishi asosiy maqsad hisoblanadi.
— Birodar shaharlar alyansi qisqa vaqt ichida qanday natijalarga erishdi?
— Alyans 2025-yil 7-mayda tashkil etilgan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida qator amaliy ishlar bajarildi. SHHT Xalq diplomatiyasi markazi, «Vatandoshlar» jamg‘armasi, «Hunarmand» uyushmasi, «Mahalla» fondi, O‘zarxiv agentligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Xitoy bilan tibbiyot sohasida onlayn muloqotlar, universitetlar ishtirokida ilmiy davra suhbatlari, yoshlar uchun «Zakovat» turniri, vatandoshlar uchun virtual ekskursiyalar tashkil etildi.
Alyans rahbari sifatida Xitoy, Ozarbayjon va Vengriyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari davomida yangi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdik. Bu ishlar Alyans faoliyati aniq amaliy natijalarga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi.
O‘zA