Do‘stlik va birodorlik ulug‘landi
Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida “Bag‘rikeng O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostida “Diniy bag‘rikenglikni qo‘llab-quvvatlash tarafdorimiz” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Filialimiz tomonidan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi madaniy markaz vakillari va talaba yoshlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga dastlab “O‘zbekiston bag‘rikeng o‘lka” mavzusidagi turli millat vakillarining milliy liboslari va kitoblar ko‘rgazmasi namoyish etildi. bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakili totuv va hamjihatlikda yashab, mehnat qilib kelmoqda. Ularning urf-odat va dasturlariga hurmat bilan qaralib, har bir millatga tegishli milliy bayramlar keng nishonlanmoqda, 150 ga yaqin madaniy markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham rus, ukrain, qozoq, koreys va turkman milliy madaniy markazlari samarali ishlamoqda. Ko‘p millatli xalqimiz bir maqsad, bir g‘oya yo‘lida birlashib, mamlakatimizni rivojlantirish yo‘lida mehnat qilayotir. Albatta, bu kabi tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va birodorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbirda filialimizning “Tumar” ansambli, shuningdek, iste’dodli yoshlari tomonidan qardosh xalqlarning milliy ko‘shiq va raqslari ijro etildi. Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan “Faxriy yorliq” hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Amanjol AYAPOV,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti
Nukus filiali direktori,
filologiya fanlari nomzodi.
O‘zA