Do‘stlik, qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda
Bobur shahrida Andijonni “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi doirasida o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlar ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, xalqaro Turksoy Bosh kotibi Sulton Rayev, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, TURKSOY tashkilotiga a’zo davlatlardan tashrif buyurgan mutasaddilar, san’atkorlar, mehmonlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etgan tadbir avvalida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Prezidentimizning Andijon shahrining “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi doirasida o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlar ishtirokchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi.


Prezident tabrigidagi: “Hech shubhasiz, Andijon shahrining bunday yuksak sharafga munosib ko‘rilganini O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy-ma’naviy merosi, yurtimizning turkiy madaniyat rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofi sifatida qabul qilamiz” degan so‘zlari shubhasiz, Andijonda, yurtimizda olib borilayotgan ishlarga berilgan munosib bahodir.
Shundan so‘ng TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev so‘z olib, “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” doirasida o‘tkazilishi belgilangan tadbirlar haqida ma’lumotlar berdi. Ana shu tadbirlar turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalarini, qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.


Ma’lumki, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY 1993-yil 12-iyulda Qozog‘istonning Olmaota shahrida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Turkmaniston madaniyat vazirlari tomonidan imzolangan kelishuv asosida ta’sis etilgan.
TURKSOY turkiy xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash, jumladan, til, adabiyot, musiqa, teatr, kino va an’anaviy san’at kabi qator yo‘nalishlarda umumiy merosni asrab-avaylash, targ‘ib etish va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Yil davomida “Andijon – turkiy davlatlar madaniyat poytaxti” loyihasi doirasida qator yirik tadbirlar rejalashtirilgan. Jumladan, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi yig‘ilishi, IV xalqaro teatr festivali, Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi, tashkilotga a’zo davlatlar Madaniyat vazirliklari mas’ullari ishtirokidagi Ekspertlar yig‘ilishi va TURKSOY Doimiy kengashining 43- yig‘ilishi o‘tkazilishi belgilangan.
Jumladan, Andijon viloyati hokimligi tashabbusi hamda xalqaro TURKSOY tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining qo‘llab-quvvatlashi bilan “Andijon polkasi” raqsining bir vaqtning o‘zida 20 ming nafar kishi ishtirokida ijro etilishini “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilishi, raqsni keng targ‘ib etishga qaratilgan madaniy tadbir ana shu yo‘nalishdagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.


Tadbirda “Andijon polkasi”ni ommaviy tarzda ijro etilish jarayonlarini bevosita kuzatgan Ginnes rekordlari tashkilotining rasmiy vakili – Ginness World Rekords doirasida xalqaro rekord tashabbuslarini tekshirish va yakuniy baholash bo‘yicha ekspert Sheyda Gemichi tomonidan raqs ijrosi jahon rekordi sifatida rasman qayd etilganligini ta’kidlab, raqs “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilganligini tasdiqlovchi maxsus sertifikatni Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga topshirdi.
Tadbirda mamlakatimiz, shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya hamda Turkmanistonning mashhur xonanda va san’atkorlari, badiiy ansambllari ishtirokida turkiy xalqlarning boy madaniy merosini o‘zida mujassam etgan konsert dasturi namoyish etildi.


– Madaniy, ijodiy aloqalar xalqlarni, davlatlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan eng muhim omillardan biri hisoblanadi, – deydi tadbir ishtirokchisi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi. – Shu ma’noda o‘tkazilayotgan tadbirlar, umuman, xalqaro TURKSOY tashkiloti faoliyati turkiy xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” maqomi doirasida yil davomida mamlakatimiz va qardosh yurtlarda o‘tkaziladigan festival, anjuman, badiiy kecha va ijodiy uchrashuvlar, madaniy tadbirlar hayotimizda chuqur iz qoldiradigan, do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan, yosh avlod uchun keng imkoniyatlar ochadigan unutilmas voqea bo‘lib qoladi.
Nigora Rahmonova,
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari