Do‘stlik, ijodiy hamkorlik oqshomi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Qatar madaniyati, hunarmandchiligi va milliy taomlari haftaligi” doirasida O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining katta zalida qatarlik kompozitor Nasser Sahimning mualliflik konserti bo‘lib o‘tdi.
Konsert O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev dirijyorligida O‘zbekiston davlat simfonik orkestri hamkorligida o‘tkazildi.

Aytish kerakki, ushbu konsert do‘stlik, san’at va musiqa bayrami sifatida yuqori saviyada tashkil etildi.
1979 yilda tavallud topgan Nasser Sahim qatarning mashhur musiqachilaridan sanaladi. Qo‘shiqchi-bastakor sifatida u 30 dan ortiq musiqiy albomlar chiqargan.
Nasser Sahim Qatarning milliy ommaviy axborot vositalari uchun ko‘plab musiqiy loyihalar, televizion dasturlar, ovoz effektlari, tijorat yo‘nalishidagi musiqiy seriallar, klassik musiqa namunalarini yaratgan. Bastakor sifatida 2018 yil Buyuk Britaniya elchixonasi taklifi asosida Angliyada o‘tkazilgan xalqaro musiqa ijodkorlari forumida ishtirok etishga muvaffaq bo‘lgan.

Konsertda Nasser Sahim tomonidan yaratilgan bir qator musiqiy asarlar o‘zbek va qatarlik sozandalar, xonandalardan iborat katta qo‘shma orkestr jamoasi ijrosida yangradi. Musiqiy oqshom yakunida xorijlik san’atkor mehmon – Nasser Sahim tomonidan ijro etilgan o‘zbek tilidagi “Ko‘rmasam bo‘lmas” qo‘shig‘i tadbir ishtirokchilarining eng ko‘p va davomli gulduros qarsaklariga sazovor bo‘ldi.
– O‘zbekistonga hurmat va ehtiromim, mehrim o‘zgacha, – dedi Nasser Sahim. – Bu yurtning boy tarixi, madaniy merosi, go‘zal an’analari, mehribon xalqi ko‘plar kabi meni ham maftun etgan. Men O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida PhD doktorlik ishini yoqlaganman. O‘zbek milliy qo‘shiqlarini juda yaxshi ko‘raman. Garchi biroz qiynalgan bo‘lsam-da, “Ko‘rmasam bo‘lmas” qo‘shig‘ini imkonim boricha o‘zbek muxlislariga maromiga yetkazib taqdim etishga harakat qildim.

– Qatarlik musiqachilar bilan ishlash juda maroqli kechdi, – dedi O‘zbekiston xalq artisti, mashhur dirijyor Kamoliddin O‘rinboyev. – Biz ilgari ham Qatar davlatida bir necha bor birgalikda konsertlar qo‘yganmiz. Lekin O‘zbekiston sahnasida bu mamlakatning musiqachilari ilk marta o‘z san’atini namoyish etmoqda. Ushbu konsert shunchaki musiqiy dastur bo‘lib qolmasdan, balki ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro madaniy aloqalarni mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, ikki davlat san’atkorlari ishtirokidagi konsert do‘stlik, hamjihatlik oqshomi sifatida juda yuqori saviyada o‘tkazildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri