Dori-darmonlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanmang
Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi iste’moli bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar butun mamlakatimiz aholisini jiddiy tashvishga solmoqda. Ushbu dori vositasini iste’mol qilish natijasida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 20 nafardan ziyod bolaning vafot etganligi barcha yurtdoshlarimizni chuqur qayg‘uga soldi. Uning nojo‘ya ta’siri bilan bog‘liq holatlar keyingi kunlarda Farg‘ona, Sirdaryo viloyatlarida ham qayd etilganligi ushbu dori vositasidan foydalanmaslik, umuman, dori-darmon sotib olishda o‘ta hushyor va ogoh bo‘lishimiz lozimligini taqozo etadi.
Ana shundan kelib chiqib Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida bu borada targ‘ibot, tushuntirish ishlari kuchaytirildi. Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ayni kunga qadar viloyatda “Dok-1 Maks” siropi iste’molining nojo‘ya ta’siri bilan bog‘liq holat qayd etilmagan bo‘lsada shifokorlar tomonidan aholi o‘rtasida keng ko‘lamli tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Ma’lumki, o‘tgan yilning 22 dekabrida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan dorixonalarda “Hindistonning “Marion Biotech Pvt.Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” sirop 100 ml” va “DOK-1tabletki №10” dori vositalarining realizatsiyasini to‘xtatish, realizatsiya qilingan qoldiq dori vositalarini dorixonalardan chaqirib olish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Andijon shahar, Andijon, Bo‘ston, Asaka, Marhamat, umuman, viloyatdagi barcha tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tasarrufidagi shifoxonalar, oilaviy poliklinikalar xodimlari tomonidan aholi orasida shifokor ko‘rsatmasisiz, o‘zboshimchalik bilan dori-darmon sotib olmaslik va iste’mol qilmaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, dorixonalarga tashrif buyurganlarga sotuvchilar tomonidan o‘zboshimchalik bilan turli dori vositalarini sotib olishni tavsiya etish mumkin emasligi, vakolatli muassasalar tomonidan taqiqlangan dorilarni sotuvdan olib tashlash bo‘yicha tavsiya va tushuntirishlar berilmoqda.

F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA