"Dori-darmonlar reklamasi taqiqlanishi kerak"
Dorilar bemorni davolashda asosiy vosita bo‘lib, yigirmanchi asrda antibiotiklar, antivirus vositalari, og‘riq qoldiruvchi vositalar kabi bir qator dori guruhlari kashf etilishi aholi tomonidan dori-darmon qabul qilinishini jiddiy ko‘paytirdi. Dorilar kasallikni davolashi, simptomlarni yumshatishi yoki kasallik asoratlanishining oldini olishga qaratiladi. Aynan zarur dori, optimal doza va muddatga buyurilishi kasallikni o‘z vaqtida bexatar davolashning asosidir.
Dori-darmonlar kasallikni davolash, salomatlikni mustahkamlashda muhim o‘rin egallaydi, ularni qo‘llashning eng birinchi va asosiy sharti dorilar xavfsiz bo‘lishi va to‘g‘ri qo‘llanishidir. Inson bemor bo‘lsa, u dori-darmon olish, ularning ta’siri va dorilarni qo‘llash to‘g‘risidagi haqqoniy ma’lumot bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari (vrachlar va farmatsevtlar) dori-darmonlarni to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashda hal qiluvchi rolni bajaradilar. 1994 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan «Dori-darmonlarning qo‘llanilishi to‘g‘risida» yo‘riqnoma e’lon qilingan. Ushbu hujjat jiddiy tekshiruvlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, sog‘liqni saqlash tizimi va farmsanoat o‘rtasidagi munosabatlarni, jumladan, sanoatning turli reklama vositalari orqali bemorlarga dori-darmonlar va davo muolajalari tayinlanishiga ta’siri haqida. Bu ta’sir davo usulining xolis tayinlanmasligi sababli ba’zida bemor sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin.
Asrimiz boshidan beri tele va radio orqali berilayotgan ko‘rsatuv va eshittirishlarni dori-darmon va turli davolash tadbirlari reklamasisiz tasavvur qilmay qo‘ydik. U xoh oddiy tumov bo‘lsin, xoh jiddiy yurak yoki jigar xastaligi bo‘lsin, reklama orqali uni juda oson davolash targ‘ib qilinadi. Bunday reklama mahsulotlari qanchalik ishonchli va shifokorga murojaat qilmay mustaqil davolanish qanday natija beradi?
Ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilgan ma’lumotni yuz foiz haqiqat, deb qabul qiladigan aholimizning katta qismi kecha-kunduz reklama qilinayotgan dori-darmonlar o‘z kasalliklaridan forig‘ bo‘lish uchun eng yaxshi vosita, deb biladilar. Bu o‘rinda xastalikning aniq diagnozi, aynan ushbu dorining inson organizmiga nojo‘ya ta’siri haqida ko‘pincha o‘ylab ko‘rilmaydi.
Dori-darmonlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va reklama orqali keladigan katta daromadga qiziqqan ommaviy axborot vositalari aholimizning tibbiy saviyasi yetarli emasligidan foydalanib, iqtibos o‘rinli bo‘lsa, «soyadagi yoki yashirin» tibbiy yordam tizimini tashkil etdilar, bu bilan esa tibbiyotning eng muhim sharti bo‘lgan «zarar yetkazma» tamoyilini qo‘pol ravishda buzmoqdalar. Bu esa aholining sog‘lig‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jiddiy xavf tug‘diradi.
Farm kompaniya yangi dori mahsulotini savdoga chiqarishdan avval ushbu preparatning samarali, sifatli va xavfsizligi haqida dalillarni taqdim etishi lozim. Ular laborator, hayvonlar ustida o‘tkazilgan va klinik tekshiruvlar natijalaridan iboratdir. Eng yirik va ishonchli dalil bu davolanishi lozim bo‘lgan kasallikka duchor bo‘lgan bemorlarda o‘tkazilgan rondomir tekshiruvlar natijalaridir.
Agar dorixonalarda dori xarid qilayotgan insonlar bilan suhbatlashsangiz, ularning ko‘pchiligi vrach ko‘rsatmasi emas, balki reklama orqali har doim ham samarali bo‘lmagan dori sotib olayotganiga guvoh bo‘lasiz. Ko‘pchilikni reklama qilinayotgan preparatning mo‘’jizakor, ya’ni bir zumda isitmani tushirish, bosh og‘rig‘ini va tumovni ketkazish, yo‘talga barham berish kabi ta’siri qiziqtiradi. Afsuski, bunday davolanish kasallikni surunkali ko‘rinishga o‘tishi, og‘irlashishi va asoratlanishiga sabab bo‘ladi.
Tele va radiodasturlarni muntazam kuzatib boruvchilar u yoki bu kasallik yuzaga kelganda qanday dori qabul qilinishi haqida, afsuski, ko‘pincha noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lmoqda. Reklamalar orqali har qanday kasallikni qisqa muddatda davolovchi dorilar tinmay targ‘ib qilinmoqda. Faqat mutaxassis shifokor belgilashi zarur bo‘lgan kasallikning turi va darajasi, bemorning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlari e’tiborga olinmaydi.
Reklamalardan maqsad bemorlarni davolash emas, balki ushbu preparatlarni ishlab chiqish uchun sarf bo‘lgan mablag‘larni bir necha karra ko‘paytirib daromad olishga qaratilgan.
Germaniya, Daniya, Shveysariya va Belgiyada dori-darmonlar reklamasi taqiqlangan. AQSH va Yevropa ittifoqi davlatlarida dori vositalari reklamasini qonunchilik bilan cheklash choralari ko‘rilmoqda. Yevropa ittifoqining barcha davlatlarida retsept bilan sotiluvchi preparatlar reklamasi taqiqlangan. Kanada davlatida ham tele va radio orqali dorilar reklamasini taqiqlash amalga kiritildi. Rivojlangan davlatlarda yangi dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish talablari kuchaytirilmoqda, chunki Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dorilarning nojo‘ya ta’siridagi o‘lim holatlari barcha sabablar orasida jarohatlar, qon aylanish tizimi kasalliklari, onkologik kasalliklar, pulmonologik kasalliklardan so‘ng beshinchi o‘rinni egallamoqda.
Aholimiz salomatligini himoya qilish, o‘zini-o‘zi davolash oqibatida kelib chiqadigan og‘ir asoratlar juda muhim. Ba’zida o‘lim holatlarining oldini olish maqsadida dori-darmonlarning tele va radio tarmoqlari orqali reklamasini taqiqlash, shuningdek, JSST tavsiyasiga ko‘ra, mutaxassislar uchun tashkil qilinadigan reklamalarda ham belgilangan standartlarga to‘liq amal qilish maqsadga muvofiq.
Shu maqsadda «Reklama to‘g‘risida»gi qonunimizning 34-moddasiga qo‘shimcha kiritish, xususan, O‘zbekiston Respublikasida dori-darmonlarni tele va radiokanallar orqali, jamoat joylarida, transport vositalarida, shuningdek, internetda reklama qilish taqiqlanishini belgilash taklif etiladi.
Maqsuda Vorisova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi