Do‘ppi sayli barchaga shodumonlik bag‘ishladi
Andijon viloyati Marhamat tumani Qoraqo‘rg‘on mahallasidagi Madaniyat markazida o‘tkazilgan “Do‘ppi tikdim ipaklari tillodan...” deb nomlangan do‘ppi saylida milliy liboslarimiz, xususan, do‘ppi bilan bog‘liq milliy qadriyat va an’analarimiz keng targ‘ib etildi.
Tuman hokimligi, Qoraqo‘rg‘on madaniyat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tuman mahallalari vakillari, chevar va do‘ppido‘zlar, shuningdek, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Milliy qadriyat va an’analarimizni mazmunan boyitish, ularni aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga chuqur singdirish, milliy liboslarimiz, xususan, do‘ppini targ‘ib etish, ularning kiyinish madaniyatini yuksaltirish hamda do‘ppido‘zlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan sayl doirasidagi tadbirlar milliy an’analarimizning haqiqiy namoyishiga aylandi.


– Insonning libosi uning ichki dunyosini, odob-axloqini ko‘rsatadi, – deydi Qoraqo‘rg‘on Madaniyat markazi direktori Zamiraxon Jumaboyeva. – Milliy liboslarimiz esa milliy qadriyatlarimizni anglashga xizmat qiladi. Afsuski, keyingi yillarda yurtimizga kirib kelayotgan "ommaviy madaniyat" ko‘rinishlari ta’sirida, ayniqsa, yoshlarimiz orasida milliy liboslarimizga, xususan, do‘ppiga bo‘lgan munosabat biroz pasayganday bo‘ldi.
Lekin, xalqimiz o‘zining o‘lmas an’ana va qadriyatlarini aslo unutmaydi. Shu ma’noda, milliy bosh kiyimimizni e’zozlab, farzandlarimiz ongiga liboslar bilan bog‘liq milliy an’analarimizni singdirib borsak, milliy qadriyatlarimizni tobora chuqur ildiz otishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Saylda chevar, dizayner va do‘ppido‘zlar tomonidan tayyorlangan milliy liboslar, do‘ppilar, yosh musavvirlarning ijod namunalari ko‘rgazmalari namoyish etildi. Keksa momolarimiz, do‘ppido‘z hunarmandlar ishtirokidagi suhbatlar yoshlarning do‘ppi haqidagi bilim va tushunchalarini yanada boyitdi.


– Do‘ppi nafaqat milliy kiyim, balki, boshqa turli vazifalarni bajarishi bilan ham ahamiyatlidir, – deydi tumandagi Buyuk Turon mahallasida yashovchi do‘ppido‘z Munisxon Toshpo‘latova. – Do‘ppi boshni issiq-sovuqdan, shamollashdan, changlardan saqlaydi. O‘zbek qizlarining dasturxon atrofida taom tayyorlayotganda yalangbosh yurishi odobsizlik sanaladi.
Bundan tashqari, do‘ppi boshning davlati hisoblangan. Shu bois, xalqimiz uni azaldan avaylab-asragan, oyoqosti bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan. Do‘ppido‘z momolarimizning aytishicha, do‘ppiga tikilgan gullar ham o‘ziga xos ma’nolarni anglatar ekan. Do‘ppining tepa qismidagi to‘rtta gul erkaklar salomatligini to‘rt tomondan himoyalab turishini, chetlaridagi o‘n olti gul esa bosh kiyim sohibining serfarzand va oilasining ahil bo‘lishi tilagini anglatadi.
Mahalla jamoalari, yoshlar tomonidan namoyish etilgan do‘ppi bilan bog‘liq an’ana va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari, ijro etilgan raqslar orqali milliy liboslarimiz keng targ‘ib etildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA