Donorlik — bu insonning insonga hayot hadya etishi
Bolalar — millatning ertasi, yurtning ishonchli tayanchi. Ularning sog‘lom, baxtli va barkamol voyaga yetishi davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Ayniqsa, og‘ir xastaliklarga qarshi kurashayotgan bolajonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shish yuksak insoniylik va mehr-oqibat namunasidir.
Shu ezgu maqsad yo‘lida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasi bu yil ham keng jamoatchilikni savobli amal atrofida birlashtirdi. Tashkil etilgan mazkur xayriya tadbiri onkologik xastaliklar bilan kurashayotgan, qon mahsulotlariga ehtiyoji yuqori bo‘lgan bolalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan.

Ayni kunlarda O‘zbekiston “Adolat” SDP Jizzax viloyat kengashi tashabbusi bilan viloyat qon quyish markazida tashkil etilgan aksiya ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Unda partiya faollari, ko‘ngilli donorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, insonparvarlik va hamjihatlikning yorqin namunasini namoyon etmoqda.

Xususan, Jizzax viloyati sudlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda qator tashkilot va muassasalar xodimlari ixtiyoriy ravishda qon topshirib, bemor bolajonlarning sog‘ayishi uchun munosib hissa qo‘shmoqda. Bu ezgu tashabbus fuqarolik mas’uliyati, mehr-shafqat va odamiylik qadriyatlarining amaliy ifodasi sifatida ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, sud tizimi xodimlarining faol ishtiroki e’tiborga molik. Chunki ularning faoliyati nafaqat qonun ustuvorligini ta’minlash, balki jamiyatda inson qadri, bag‘rikenglik va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga ham xizmat qilayotganini ko‘rsatmoqda.

Ushbu ezgu amal yuzasidan O‘zbekiston “Adolat” SDP Jizzax viloyat kengashi matbuot kotibi Shahnoza Soatova bilan suhbatlashdik.
— Donorlik aksiyasining ahamiyati nimada deb o‘ylaysiz?
— Eng avvalo, donorlik — bu insonning insonga hayot hadya etishi demakdir. Bugun shifoxonalarda davolanayotgan yuzlab bolajonlar uchun har bir tomchi qon beqiyos ahamiyatga ega. Biz aksiya orqali nafaqat qon zahirasini to‘ldiryapmiz, balki jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va ijtimoiy mas’uliyat madaniyatini ham mustahkamlayapmiz. Quvonarlisi, yil sayin ko‘ngilli donorlar soni ortib bormoqda.
— Aksiyaning dastlabki natijalari qanday?
— Ikki kun davomida 313 nafar ko‘ngilli fuqaro aksiyada ishtirok etdi. Ularning 184 nafari donor sifatida qon topshirib, 64,8 litr qon zahirasi shakllantirildi. Bu raqamlar ortida inson taqdiri, bolalarning hayoti va ota-onalarning umidi turibdi. Eng muhimi, aksiya nafaqat markazda, balki viloyatning barcha shahar va tumanlarida ham faol davom etmoqda.
— Bugun donorlikning ijtimoiy ahamiyati haqida nima degan bo‘lardingiz?
— Donorlik — savobli amallarning eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biri. Bir inson tomonidan topshirilgan qon bir nechta bemorning hayotini saqlab qolishi mumkin. Ayniqsa, bu bolalar salomatligi bilan bog‘liq bo‘lganda, uning qadri va ahamiyati yanada ortadi. Shu bois har bir yurtdoshimizni ushbu xayrli tashabbusga befarq bo‘lmaslikka chaqiraman.
Har bir ezgu ish inson qalbidagi mehrdan boshlanadi. Bugun Jizzax ahli ana shunday mehr va insonparvarlik tuyg‘usi bilan bemor bolajonlarga hayot ulashmoqda. Zero, bir tomchi qon kimningdir ertangi kuni, kimningdir hayotga qayta ishonchi va kimningdir eng katta umidi bo‘lishi mumkin.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri