Donald Tramp Vyetnamga joʻnab ketdi
AQSH Prezidenti Donald Tramp 25 fevral kuni Vyetnamga joʻnab ketdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp 25 fevral kuni Vyetnamga joʻnab ketdi. U bu yerda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan ikkinchi sammitni oʻtkazadi.
Ikki mamlakat yetakchilari Koreya yadro dasturini muhokama qilish maqsadida Xanoyda 27 va 28 fevral kunlari uchrashadi. Shuningdek, har ikki rahbar Koreya urushini rasman tugagani bilan bogʻliq masalani muhokama qilishi ehtimoli haqida xabarlar paydo boʻldi. Koreya urushi 1953 yilning 27 iyulida Pxanmundjomada imzolangan Yarash toʻgʻrisidagi shartnomadan soʻng tugagan edi.
Vashingtondan uchib ketishidan avval Tramp Tvitterda:
“Toʻlaligicha denuklearizatsiyadan soʻng Shimoliy Koreya iqtisodiy rivojlanish generatoriga aylanadi. Busiz avvalgidek qolaveradi. Rais Kim toʻgʻri qaror qabul qiladi”, deya yozdi.
Bundan avval, 25 fevral kuni Oq uyda gubernatorlar bilan uchrashuvda nutq soʻzlagan Tramp “ajoyib sammit“ boʻlishini aytgan edi. AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo 24 fevral kuni Fox telekanaliga bergan intervyusida sammitda “oldinga tashlanadigan muhim qadam”ga umid bildirdi. “Bu boʻlmasligi ham mumkin, ammo men boʻlishiga umid qilaman “, dedi Pompeo.
Kim Chen In Vyetnamga zirhlangan poyezdda yoʻlga chiqdi.