Don urug‘larining sifati qay tarzda sinovdan o‘tkaziladi?
Urug‘lik ekinlarni tuproqqa ekib baholash, urug‘liklarni maxsus uchastkalarda ekish va kelgusida ularning genetik (nav) sifatini tekshirish orqali urug‘liklarning muayyan turga, navga mansubligi hamda nav jihatdan sofligi belgilanadi. “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasiga asosan, urug‘lik ekinlarni tuproqqa ekib baholash “O‘zagroinspeksiya” tomonidan o‘tkaziladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, nav nazorati ilmiy-tadqiqot institutlari, urug‘lik yetishtiruvchi xo‘jaliklar va xorijda yetishtirilib, (import qilingan) respublika hududida ekish uchun tavsiya etilgan, Davlat reyestriga kiritilgan qishloq xo‘jalik ekinlari va istiqbolli boshoqli don ekinlari navlarining dorilanib tayyorlangan urug‘lik to‘dalaridan tanlab olinib, nav namunalarini ekib o‘rganish yo‘li bilan amalga oshirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazining Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan dala tajriba maydonida boshoqli don ekinlarining navdorligini baholash yuzasidan seminar tashkil etildi. Qayd etilishicha, markazda bunday sinovlar respublikada davlat ehtiyoji uchun yetishtiriladigan boshoqli don urug‘lari nav namunalarining genetik (nav) sifati (navdorligi)ni baholash bo‘yicha doimiy sinovlar o‘tkazilib boriladi.
Navlarning genetik sifati ko‘rsatkichlarini aniqlash malakali mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining davlat standarti va Hukumatning tegishli qaror talablari asosida olib boriladi. Hozirgi kunda markazning 5 gektarlik dala tajriba maydonida “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi don korxonalari, elita urug‘chilik xo‘jaliklari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarida ekish uchun tayyorlangan urug‘lik bug‘doylarning 270 ta nav namunasi ekilib parvarish qilinmoqda.
Bunday nav sinovlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad respublikada davlat ehtiyojlari uchun yetishtiriladigan urug‘liklarning genetik sifatini ta’minlash, nav aralashmalari yuqori bo‘lgan maydonlardan urug‘lik don olinishining oldini olish, navdorlikning buzilib ketishi, ya’ni nav aralashishining oldini olish, don sifatini yaxshilab borish hamda urug‘lik don yetishtiruvchi sub’ektlarga navdorlik sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan urug‘liklar yetkazib berishdan iboratdir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA