Dolzarb vazifalar muhokama qilindi
Surxondaryo viloyatida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan tuman va shahar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo‘lim (bo‘linma)lar boshliqlari, jinoyat-qidiruv bo‘limlari tezkor vakillari, tergov bo‘linmalarining tergovchi va surishtiruvchilari, xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tahlil va muvofiqlashtirish bo‘linmalari xodimlari uchun sayyor o‘quv yig‘ini o‘tkazildi.
Surxondaryo viloyatida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan tuman va shahar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo‘lim (bo‘linma)lar boshliqlari, jinoyat-qidiruv bo‘limlari tezkor vakillari, tergov bo‘linmalarining tergovchi va surishtiruvchilari, xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tahlil va muvofiqlashtirish bo‘linmalari xodimlari uchun sayyor o‘quv yig‘ini o‘tkazildi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “O‘z Vatanini, ona xalqini ravnaq toptirish uchun o‘zini ayamasdan mehnat qilish: bu – jasorat va mardlik, bu – ona yurtga muhabbat va sadoqat, bu – to‘g‘ri tarbiya va amaliy namuna” degan g‘oya hayotiy misollar orqali tushuntirildi.
Xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlashda ichki ishlar organlari xodimlarining alohida o‘rni bor. Biroq sayyoramizda globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechayotgan ayni paytda barcha sohalar qatori ichki ishlar organlari xodimlaridan ham tinimsiz o‘qib-o‘rganish, o‘z ustida ishlash, bilim va saviyasi, malakasini uzluksiz oshirib borish talab etiladi.
Prezidentimizning 2017 yil 16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 23 avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Professor-o‘qituvchilarning ta’kidlashicha, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda yuz berayotgan yangiliklarga mos ravishda malaka oshirish instituti ham faoliyatini kengaytirmoqda. Xususan, shu yil hududiy ichki ishlar organlarida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha inspektor lavozimi joriy etilgan edi. Bevosita davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida yo‘lga qo‘yilgan bu lavozim xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, jinoyat sodir etgan xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etishga ko‘maklashish, ruhan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ayni paytda ularning kasbiy malakasini oshirish, xizmat vazifalarining mazmun-mohiyatini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini tushuntirish uchun xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha inspektorlarga mo‘ljallangan seminar-trening mashg‘ulotlari ham o‘tkazilayotir.
So‘nggi yillarda dunyo hamjamiyatiga tamomila yangi intilish va maqsadlar bilan yuz tutayotgan mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan ustuvor g‘oyalarni ijtimoiy hayotda qaror toptirishga alohida ahamiyat berilayotir. Bunday ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda yoshlarni vatanparvar, mard, jasur, sadoqat va halollik ruhida tarbiyalash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shunga muvofiq, Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari joylarda o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlari doirasida ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etmoqda.
Ichki ishlar vazirligining Surxondaryo akademik litseyida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbirda yoshlarda yuksak ma’naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat fazilatlarini kamol toptirish mavzuida fikr almashildi. Bo‘lg‘usi ichki ishlar organlari xodimlarida bu kabi olijanob fazilatlarning shakllanishi ularda Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat hissini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Termiz tumanidagi 9-, Angor tumanidagi 3-, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 1-, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 3-umumta’lim maktablarida o‘quvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda esa tinchlik va osoyishtalikni saqlashda yoshlar mas’uliyati haqida so‘z yuritildi. Mazkur tadbirlar doirasida tashkil etilgan “Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzuidagi viktorina, ayniqsa, maktab o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Professor-o‘qituvchilar tumanlarda istiqomat qilayotgan ehtiyojmand va nogironligi bor oilalar, yolg‘iz qariyalar, ichki ishlar idoralarida xizmat qilib, pensiyaga chiqqan faxriylar holidan ham xabar oldi.