Dolzarb oylik tizimli o‘tkazilmoqda
Bo‘stonliq tumanidagi “Chimboylik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zararli chigirtkaga qarshi kurash tadbirini samarali olib borish mavzusiga bag‘ishlangan dala seminari o‘tkazildi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan amaliy tadbirda Toshkent viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati boshlig‘i Baxtiyor Oltinbekov yig‘ilganlarga o‘z vaqtida kimyoviy kurash tadbirlarini olib borishning ahamiyati, murojaatlarni tezkor bartaraf etish, samarasi yuqori preparatlardan foydalanish bo‘yicha respublikada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Mas’ullar, tomorqa egalari, chorvachilik xo‘jaliklari mutaxassislari ishtirok etayotgan dala seminarida zararli chigirtkalar tarqalgan hududlarni aniqlangan taqdirda ko‘riladigan chora-tadbirlar tushuntirib berildi. Qayd etilishicha, Toshkent viloyati bo‘yicha joriy yil 25 ming 460 gektarda zararli chigirtka tarqalishi taxmin qilingan. Hududda kurashish tadbirlari aprel oyining ilk kunlaridan boshlab olib borilmoqda.

Zararli chigirtkalar 2-3 yoshda bo‘lib, Bo‘stonliq, Qibray, Ohangaron, Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Chinoz, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida aniqlangan. Qarshi kurash tadbirlarini samarali olib borish uchun uchta otryad tashkil etilib, ularga uchta purkagichli maxsus avtomashinalar, 23 ta traktor (OVX,VP-1) purkagichlar, 10 ta motorli qo‘l purkagichlar biriktirilgan. Bundan tashqari, 50 nafar joylardagi ishchi-xodim jalb qilingan.

Bugungi kunda barcha viloyatlarda Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatlari zararli chigirtkalarni o‘choqlarini aniqlash bo‘yicha doimiy kuzatuv-nazorat tadbirlari olib borilmoqda. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev hududiy chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati rahbarlari bilan o‘tkazgan tezkor yig‘ilishda ham joriy yilda chigirtka soni o‘tgan yilgiga qaraganda ko‘pligi ta’kidlangan edi. Shu sababli “o‘choqlar” aniqlangan hududlarga kuchlarni safarbar etish, zaruriy texnika bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, Toshkent viloyatida to‘da hosil qilmaydigan chigirtkalar ham nazoratga olingan bo‘lib, joriy yilda ularning ham soni sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Shu sababli hududda ogohlik uch oy davom etadi.
A.Musayev, O‘zA