«Dolzarb 15 kun» karantin nazorati joriy etildi
Ma’lumki, yoz faslida o‘simliklar, mevali daraxtlar, ayniqsa, poliz ekinlariga zararkunandalar ko‘p in quradi.
Shu bois yurtimizda zararkunandalar keng tarqalishining oldini olish, unga qarshi kurashish, bu haqda keng jamoatchilik orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish maqsadida “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi shu yilning 16 iyuliga qadar “Dolzarb 15 kun” karantin nazoratini joriy etdi.
“O‘zdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda mamlakatimizda poliz ekinlariga “Qovun pashshasi” (Carpomya pardalina Bigot), deb nomlangan zararkunanda hamda madaniy o‘simliklar o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan “Zarpechak” (Cuscuta.sp) va “Sudraluvchi kakra” (Acroptilon repens D.C) kabi begona o‘tlar ko‘paygan.
“Qovun pashshasi” mamlakatimizda ilk bor 2000 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida aniqlangan. Uni bugungi kunda barcha viloyatda uchratish mumkin. Tangaqanotlilar oilasiga mansub mazkur hasharot vegetatsiya davri boshida paydo bo‘lib, yoz davomida 90-100 foiz qovun mevasini, 20-25 foiz tarvuz, ayrim dalalarda qovoqning 10-15 foizini zararlagani aniqlangan.
Zarpechak begona o‘ti o‘simlik tanasiga yopishib, undagi shirani so‘radi. Pirovardida, o‘simlik nobud bo‘lishi mumkin. Tez tarqalish xususiyatiga ega. Xavflilik darajasi yuqori. Mamlakatimizda zarpechakning 13 turi uchraydi. Uning guli kichik (2-7 millimetr), oq, pushti va yashil ranglarda bo‘ladi. U agar tomiri bilan yulib tashlanmasa, bir joyda hatto 8-9 yilgacha unib chiqishi mumkin.
“Sudraluvchi kakra” begona o‘ti esa ekin hosildorligi va sifatini pasaytiradi. “Sudraluvchi kakra” urug‘i bilan ifloslangan don qayta ishlanganda ta’mi achchiq bo‘lib qoladi. U tuproqdagi suv va erigan mineral moddalarni tez o‘zlashtiradi. Bundan tashqari, o‘zidan boshqa o‘simliklar o‘sishi va rivojlanishini to‘xtatib yo sekinlatib qo‘yadi.
“Dolzarb 15 kun” tadbirlari mobaynida mazkur zararli o‘tlar tarqalishining oldini olish uchun bog‘dorchilik va dehqonchilik xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa, korxona, tashkilot, katta yo‘l bo‘ylari va boshqa maydonlarda O‘simliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan karantin nazorati olib boriladi.
Shu bilan birga, xorijiy davlatlarga eksport qilinayotgan mahsulotlarda zararkunandalar topilsa, belgilangan tartibda zararsizlantiriladi. Agar begona o‘tlar aniqlansa, yo‘q qilish choralari ko‘riladi.
Yuqorida keltirilgan zararkunanda va begona o‘tlar asosan mevali daraxtlar hamda poliz ekinlariga jiddiy zarar yetkazadi. Ularni o‘z vaqtida aniqlab, qarshi kurashish choralari ko‘rilishi tavsiya etiladi. Yuqoridagi zararkunandalar poliz ekinlaringizda aniqlansa, darhol o‘z hududingizdagi O‘simliklar karantini davlat inspektorlariga murojaat qilishingiz so‘raladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA