“Dok-1 Maks”ishi: zararni undirish bilan bog‘liq hujjatlar bo‘yicha ijro harakatlari davom etmoqda
Joriy yilning 4-oktabr kuni ijtmoiy tarmoqlarda “Dok-1 Maks” dori vositasidan jabrlanganlarga nisbatan kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilmayotganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlarning ijro hujjatlariga asosan qarzdor S.Kariyev va boshqalardan 85 nafar fuqaro foydasiga jami 78 milliard so‘m zarar undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari mavjud.
Ijro harakatlari davomida, qarzdor S.Kariyevga tegishli - Chilonzor tumani, “1-qatortol” MFY, Qatortol 3-tor ko‘chasidagi turar joy binolari va “Beshyog‘och” MFY, Furqat ko‘chasidagi noturar joy binosi xatlanib, onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.
Shundan, “Beshyog‘och” MFY, Furqat ko‘chasidagi noturar joy binosi auksion savdolarida sotilib, 793 million so‘m pul mablag‘lari kelib tushgan. Narxi 7,1 milliard so‘mga baholangan Chilonzor tumani, “1-qatortol” MFY, Qatortol 3-tor ko‘chasidagi turar joy binolari bo‘yicha bugungi kunda auksion savdolari davom etmoqda.
Auksion savdolari orqali kelib tushgan va qarzdor S.Kariyevning oila a’zolari tomonidan to‘langan pullar hisobidan undiruvchilarga jami 16,7 milliard so‘m mablag‘ “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 80-moddasiga asosan teng taqsimlab berilgan.
Hozirgi kunda qarzdor S.Kariyev va boshqalardan jami 61,3 milliard so‘m zarar undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA