Dohada Ozarbayjon Milliy kuni nishonlandi
“Ekspo-2023” Doha bog‘dorchilik ko‘rgazmasi pavilonida Ozarbayjon Respublikasi Milliy kuni nishonlandi. Bu haqda Qatar Davlati axborot agentligi – “QNA” ma’lum qildi.
Muallif tadbirda Qatar tomonidan madaniyat vaziri Shayx Abdurahmon bin Hamad Ol Soniy, Milliy kutubxona rahbari doktor Hamad bin Abdulaziz Al-Kuvariy, ko‘rgazma Bosh komissari Muhammad Al-Hovriy, elchi Badr bin Umar Ad-Dafa, Ozarbayjon tomonidan Prezident yordamchisi Anor Ali Akbarov, madaniyat vaziri Odil Karimli, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va boshqa rasmiylar ishtirok etganini yozgan.

Shuningdek, mamlakat madaniyati va an’analarining o‘ziga xos xususiyati, eng muhim jihatlari aks etgan Ozarbayjon paviloni hamda Qatar Milliy kutubxonasi, Ekspo uyi, “Vaqf bozori” savdo markazi va “Al-Jasra” madaniyat klubida bo‘lib o‘tayotgan Ozarbayjon Respublikasi madaniyat haftaligi yuzasidan batafsil ma’lumot bergan.
Maqolada qatarliklar 15 ga yaqin noyob texnika yordamida tikilgan Ozarbayjon gilamlari ko‘rgazmasi, davlat xalq cholg‘u asboblari orkestri, mug‘om triosi va Davlat raqs ansambli ishtirokidagi konsert dasturini qiziqish bilan tomosha qilgani ta’kidlangan.
