Dinlararo bag‘rikenglik tamoyillari OAVda
Buxoroda O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan “O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari orqali dinlararo bag‘rikenglik tamoyillarni ilgari surish” loyihasi doirasida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan, mahalliy jurnalistlar, blogerlar va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashdi.
Din va dunyoviy davlat orasidagi munosabat haqida gap ketar ekan, uning asosida eng avvalo dinning davlatdan ajratilishi tamoyili amalga oshiriladi. Bu haqda Konstitutsiyamizning 75-moddasida “Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi. Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi” deb belgilangan. Bugungi kunda respublikamizda 16 ta noislomiy konfessiyaga mansub tashkilot emin-erkin faoliyat olib borayotgani ham buning amaliy ifodasidir.

–Amalga oshirilayotgan loyihaning maqsadi ham O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglik va tinch-totuv yashashni targ‘ib qilishdan iborat, –deydi filologiya fanlari doktori Nargis Qosimova.

O‘tkazilgan seminar-treningda ziddiyatga sezgir jurnalistika: dinlararo munosabatlarning mohiyati va vazifalari, ziddiyat turlari, dinlararo munosabatlarda ziddiyatlar, bag‘rikenglik to‘g‘risida, dinlararo munosabatlarda mavzuning gender jihatlari, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda dinlararo va bir din ichidagi bag‘rikenglik mavzusidagi chiqishlar kamligi sabablari hamda mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanadigan materiallar tahlili bo‘yicha malakali trenerlar jurnalist, filologiya fanlari doktori Nargis Qosimova hamda jurnalist, “Qalb nuri” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Nodira Alimovalar ishtirokchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. Ziddiyatlarni modellashtirish va hal qilish bo‘yicha kichik guruhlarda mashqlar bajarildi. Guruhlarning taqdimotlari, muhokama-munozaralari tashkil qilindi.
Seminar-treningda diniy masalalar bo‘yicha ekspert Baxtiyor Alimjonov ham ishtirok etib, “O‘zbekistonda dunyoviylik (sekulyarizm) va bag‘rikenglik: tarix va bugungi kun” mavzusida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri