Dik Advokat jahon chempionatida ishtirok etgan eng keksa murabbiyga aylanadi
Advokat 2010-yilda Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Gretsiya terma jamoasini boshqargan 71 yosh-u 317 kunlik bo‘lgan nemis murabbiyi Otto Rexagelning rekordini yangilaydi.
Niderlandiyalik mutaxassis Dik Advokat Kyurasao terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga qaytdi va jahon chempionatlari tarixidagi eng keksa murabbiyga aylanadi.
78 yoshli murabbiy avvalroq Kyurasao terma jamoasini tarixdagi ilk jahon chempionatiga olib chiqqan, biroq 2026-yil fevral oyida qizining sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli lavozimini tark etgan edi. U ketganidan so‘ng jamoani Fred Rutten boshqargan, ammo terma jamoa o‘rtoqlik o‘yinlarida Avstraliya (1:5) va Xitoydan (0:2) ikkita yirik mag‘lubiyatga uchragan. Oxir-oqibat, Rutten federatsiya ichidagi muhokamalardan so‘ng iste’foga chiqdi. Ma’lum qilinishicha, Kyurasao terma jamoasi futbolchilari Advokatning qaytishi tarafdori bo‘lgan va uning qizi ahvoli yaxshilangandan so‘ng, mutaxassis yana jamoani boshqarishga rozi bo‘lgan.
2026-yilgi jahon chempionatida Kyurasao terma jamoasi turnirning final bosqichida debyut qiladi. Jamoa "E" guruhidan o'rin olgan va Germaniya, Ekvador va Kot-d’Ivuarga qarshi o‘ynaydi.
Dik Advokat uchun bu faoliyatidagi uchinchi jahon chempionati bo‘ladi. U avvalroq 1994-yilgi Jahon chempionatida Gollandiya va 2006-yilgi Jahon chempionatida Janubiy Koreya terma jamoalari bilan ishlagan.
Advokat 2010-yilda Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Gretsiya terma jamoasini boshqargan 71 yosh-u 317 kunlik bo‘lgan nemis murabbiyi Otto Rexagelning rekordini yangilaydi.