“Devis kubogi”: O‘zbekiston – Estoniya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi
Joriy yilning 13-14 sentyabr kunlari tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi “Devis kubogi”ning II Jahon guruhi saralashi doirasida Estoniya termasiga qarshi o‘ynaydi.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi bahslar poytaxtimizdagi “Saxovat Sport Servis” majmuasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur saroydagi o‘yinlar xard qoplamali kortda bo‘lib o‘tadi. Hozirda terma jamoamizning Estoniyaga qarshi o‘tadigan o‘yini oldidan saralash turniri o‘tkazilmoqda. Unda g‘olib bo‘lgan tennischilar “Devis kubogi”da O‘zbekiston sharafini himoya qilishi bilan birga, ITF tomonidan o‘tkaziladigan M15 tasnifidagi ikki turnirga ham “Wild Sards”ni qo‘lga kiritadi. Saralash turniri 11 avgust kuniga qadar tashkil etiladi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston tennis terma jamoasi “Devis kubogi”dagi so‘nggi o‘yinini joriy yilning fevral oyida I Jahon guruhiga saralash doirasida Polshaga qarshi o‘tkazib, imkoniyatni boy bergan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA