Devid Bekhem Fransiyaning «Nant» klubini sotib olishi mumkin
Manbaga ko‘ra, Liga 2ga tushib ketgan «Nant» egalari klubni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
«Manchester Yunayted» sobiq futbolchisi va «Inter Mayami» hammulkdori Devid Bekhem Fransiyaning «Nant» klubini sotib olishga da’vogarlar qatoridan joy oldi. Bu haqda Ouest-France xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Liga 2ga tushib ketgan «Nant» egalari klubni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ayni paytda klubni sotib olishga uchta potensial xaridor qiziqish bildirmoqda. Takliflardan biri 100 million yevroga baholanmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, Bekhemning nomi ham muzokaralarda yana tilga olinmoqda. Uning vakili avvalroq mahalliy potensial investorlar guruhi — Collectif nantais vakillari bilan uchrashib, «Nant» bilan bog‘liq loyihaga qiziqish bildirgan.
Bekhem futbolga sarmoya kiritish borasida tajribaga ega. Uning boyligi 1,36 milliard yevro atrofida baholanmoqda. «Inter Mayami» ham investitsiyalar natijasida MLSning eng mashhur loyihalaridan biriga aylandi.
Endilikda Bekhem o‘zining futbol loyihalarini Fransiya hisobiga kengaytirishi mumkin.