Deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olindi
Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Saylov kodeksida belgilangan tartiblar, xususan, kodeksning 37-moddasiga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalar, nomzodlarni belgilangan tartibda ro‘yxatga olish va ular haqidagi ma’lumotlarni rasmiy e’lon qilish Hududiy saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Ana shundan kelib chiqib, siyosiy partiyalar tomonidan xalq deputatlari viloyat kengashiga ko‘rsatilgan nomzodlar belgilangan tartibda ro‘yxatga olindi.
[gallery-19368]
– Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi 55 ta saylov okrugiga beshta siyosiy partiyaning har biridan bir nafardan, jami 275 nafar nomzod to‘g‘risidagi arizalar “Ye-saylov” tizimi orqali hududiy saylov komissiyasiga yuborilgan, – deydi Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Baxtiyorjon Rasulov. – Saylov komissiyasi tomonidan nomzodlar va ular haqidagi ma’lumotlar o‘rganib chiqildi. Ma’lumotlar Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari talablariga to‘la mos keladi.
Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan 275 nafar nomzodni xalq deputatlari viloyat kengashi deputatligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Saylov kodeksining 40-moddasiga asosan, hududiy saylov komissiyasi besh kunlik muddatda nomzodlarning ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi hamda ular haqidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda e’lon qiladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari