Deputatlar “Yallama” chegara bojxona posti faoliyati bilan tanishdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari “Yallama” chegara bojxona postida bo‘lib, uning faoliyatini nazorat-tahlil tartibida o‘rgandi.
O‘rganish davomida bojxona postida jismoniy va yuridik shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar, tovar va transport vositalarini tekshirish tizimi, bojxona rasmiylashtiruv jarayonlari hamda qonunchilik talablariga rioya etilishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganishlar davomida ma’lum qilindiki, bojxona organlari faoliyatida 60 dan ortiq axborot tizimlari joriy etilgan, 8 ta davlat bilan elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa tashqi iqtisodiy operatsiyalarni onlayn kuzatish, xavfli yuklarni oldindan aniqlash, ma’lumotlarni tezkor taqqoslash imkoniyatini kengaytirmoqda.

— Bugungi globallashuv jarayonida davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari har qanday mamlakatning iqtisodiy, xavfsizlik va tashqi siyosiy tizimida strategik ahamiyat kasb etadi, — deydi deputat Gulchehra Tojiboyeva. — Chegara orqali yuklar, transport vositalari va fuqarolar harakati qanchalik tezkor, qonuniy va shaffof tashkil etilsa, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi, tashqi savdo salohiyati va xalqaro nufuzi shunchalik mustahkamlanadi. Shu nuqtai nazardan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi tizimini takomillashtirish, uni raqamlashtirish hamda inson omilini qisqartirish davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Nazorat-tahlil doirasida “Yallama” postida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnik vositalar faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Radiatsiya nazorati qurilmalari, inson tanasini skaner qiluvchi moslamalar, mobil inspeksion vositalar, avtotarozilar hamda inspeksion-ko‘rik majmualari orqali nazorat jarayonlari tezkor va aniq amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish natijasida sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, amaliyotda uchrayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish masalalari atroflicha tahlil qilinib, tegishli takliflar ishlab chiqildi.
M.Komilova, O‘zA