Deputatlar tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi
Andijon viloyati Asaka tumanida deputatlar va tadbirkorlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Asaka tuman kengashi tashabbusi bilan “Deputatlar va tadbirkorlar muloqoti” forumi loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat, tuman kengashlari deputatlari, prokuratura, soliq, bank tizimi mutaxassislari, partiya faollari, keng jamoatchilik vakillari, tadbirkor hamda fermerlar ishtirok etdi.
– Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga ko‘maklashish, – deydi O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Asaka tuman kengashi raisi Qahramonjon Botirov.
– Qolaversa, bu boradagi mavjud muammo va to‘siqlarni bartaraf etishga yordam berish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarning emin-erkin faoliyat yuritishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilganligi, aholining bandligi, turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar bo‘yicha deputatlarga murojaat qildi.
– Ayni kunda jamiyatimizning Birdamlik, Niyozbotir mahallalaridagi xo‘jaliklarida 1,5 ming dona naslli quyonlar parvarishlanmoqda, – deydi “Asakaspeshn” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sherzodbek Olimov. – Faoliyatimizni yanada rivojlantirish maqsadida 1 milliard so‘m kredit olish uchun “Mikrokreditbank” tuman bo‘limiga murojaat qildik. Kafillikka qo‘yish mumkin bo‘lgan mulklarimiz ham yetarli. Lekin bizga kredit berilishi rad etildi.
Muloqotda tadbirkorning ushbu muammosi yuzasidan tegishli tavsiya va maslahatlar berildi.
Asaka shahrining Marg‘inoniy ko‘chasida joylashgan, xalq tili bilan “Tepa bozor” deb ataluvchi “Asaka tasanno” buyum bozorida faoliyat yurituvchi bir guruh tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar haqida gapirdi.
– Bir necha yil avval barpo etilgan “Asaka tasanno” buyum bozorida 670 ta savdo do‘koni bor, – deydi tadbirkor Yorqinbek Xolqo‘ziyev. – Afsuski, hozir bu yerda bor yo‘g‘i 200 dan ortiq do‘kon ishlab turibdi. Bozorda sotuvchilar uchun ham, xaridorlar uchun ham barcha sharoitlar bor. Shunday bo‘lsa-da, bozorga umuman, odam kelmay qo‘ygan, savdo deyarli yo‘q. Lekin bu yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar har oy 230 ming so‘m ijara to‘lovini, bundan tashqari, tadbirkor sifatida patent uchun pulni to‘lab keladi.
[gallery-958]
Mazkur bozorda ish yurituvchi tadbirkorlarning ta’kidlashicha, buning sababi, aksariyat savdogarlar shahar markazidagi “Asaka dehqon bozori” atrofida hamda Umid ko‘chasidagi noqonuniy “yoyilma bozor”da savdo qilishadi. Chunki ular ijara puli ham to‘lamaydi, patentlari ham yo‘q, faqat kunlik yig‘im pulini to‘lashadi.
Murojaatchilar buyumlar savdosi bilan shug‘ullanadigan barcha tadbirkorlarni buyum bozoriga chiqarish, noqonuniy faoliyat yuritayotgan “yoyilma bozor”ni yopish, hamma tadbirkorlar uchun teng sharoitlar yaratish, shuningdek, bozorga borish-kelish bilan bog‘liq muammolarni hal etilishiga ko‘maklashishni so‘rashdi.
Yig‘ilishda deputatlar tomonidan bu masalani hal etish bo‘yicha tuman hokimligi, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rilishi aytildi.
Asaka tumanidagi “Yaxshi niyat” xususiy korxonasi rahbari Zokirjon Ibragimov shahar Avtoshohbekati ichida noqonuniy qurib olingan savdo do‘konlarini buzilishiga yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaat qildi.
– Avtoshohbekatni sotib olgan tadbirkor bu yerni rivojlantirish, transport xizmatini yaxshilash, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish o‘rniga avtoshohbekat hududiga noqonuniy savdo do‘konlari qurib olgan, – deydi Zokirjon Ibragimov. – Noqonuniy do‘konlar avtoshohbekat chetida qonuniy faoliyat yuritayotgan do‘konlardan bir-ikki metr joy tashlab qurilgan. Bu do‘konlar oldini to‘sib, xaridorlarning kirib-chiqishi uchun qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan tuman kengashiga saylangan deputat Saydullo Ergashev ko‘magida tuman hokimligiga “Yermulkkadastr” DK Asaka tuman filiali, tuman arxitektura va qurilish bo‘limi, favqulodda vaziyatlar bo‘limining ushbu binolar noqonuniy, shaharsozlik talablariga mutloqo zid qurilganligi va buzib yuborish kerakligi yuzasidan xulosalar taqdim etilgan bo‘lsa-da, binolar buzilmayapti.
Tadbirkor deputatlardan, keng jamoatchilikdan Asakaning ko‘rki bo‘lgan avtoshohbekatni tartibga keltirish bo‘yicha yordam ko‘rsatishlarini so‘radi.
Ochiq va oshkora o‘tgan muloqotda tadbikorlarni qiynayotgan, ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan yuqoridagi kabi muammolar tegishli idoralar bilan hamkorlikda hal etiladigan bo‘ldi.
F.UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (foto)
O‘zA