Deputatlar “Mudofaa toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahririni muhokama qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Xususan, “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining ikkinchi oʻqishdagi muhokamasi qizgʻin kechdi.
Parlament quyi palatasining 2019-yil 2-avgustda oʻtgan majlisida deputatlar ushbu qonun loyihasining ayrim normalariga aniqlik kiritish, bahsli normalarni maromiga yetkazish maqsadida loyihani masʼul qoʻmitaga qaytargan edi. Oʻtgan vaqt davomida loyiha parlament aʼzolari tomonidan mutasaddi vazirliklar vakillari, mutaxassislar ishtirokida jiddiy koʻrib chiqildi, deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida pishiq-puxta holga keltirilib, maromiga yetkazildi.
Loyihaga fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar organlari, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi boshqa organlar hamda muassasalarga koʻmaklashishga, bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirishda ishtirok etishga doir xatti-harakatlarni tartibga soluvchi normalar kiritildi. Bundan tashqari, loyiha bilan fuqarolarning jamoat tartibini saqlashga doir faoliyati ichki ishlar organlari tomonidan muvofiqlashtirilishi belgilanmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar organlari, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi boshqa organlar va muassasalarga aholi bilan yaqin aloqalarni oʻrnatish hamda jamoat tartibini saqlash tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shundan soʻng xalq vakillari “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qildilar. Taʼkidlash joiz, mamlakatimizda keyingi uch yil ichida mudofaa sohasi – Qurolli Kuchlar tizimida keng islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan hayotimizga samarali tatbiq etilayotgan Harakatlar strategiyasi negizida jahondagi va mintaqadagi mavjud vaziyatning rivojlanish dinamikasini, shuningdek, ustuvor vazifa va imkoniyatlarimiz hisobga olinib, yangilangan Mudofaa doktrinasi qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi ilk bor ochiq xususiyatga ega mazkur doktrinani qabul qilish bilan harbiy sohada mamlakat milliy xavfsizligini taʼminlashga doir prinsiplar va yondashuvlarni butun dunyoga eʼlon qildi. Natijada harbiy sohada xalqaro hamkorlik miqyosi, oʻzaro ishonch va oʻzaro tajriba almashish koʻlami kengaydi, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi va tayyorgarligi darajasi yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilandi. Joylarda harbiy-maʼmuriy sektorlar joriy etildi. Moddiy-texnik baza yangilandi, armiyani zamonaviy qurollar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, eng muhimi, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimi yuksak pogʻonaga olib chiqildi.
Natijada harbiy xizmat chinakam sharafli kasbga aylandi. Xalq bilan armiyaning birligi, yakdilligi amalda toʻliq namoyon boʻlmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, yangi tahrirdagi “Mudofaa toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 12-iyul kuni birinchi oʻqishda qabul qilingan edi.
Majlisda qayd etilganidek, qonunning normalari jahondagi va mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi, ehtimol tutilgan tahdidlar, milliy xavfsizlikka boʻlgan xavf-xatarlar va ularga qarshi yoʻnaltirilgan mamlakatning salohiyati, shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimizda mudofaa sohasida oʻtkazilayotgan islohotlarni inobatga olgan holda, qayta ishlab chiqilgan.
Eʼtiborlisi, oʻtgan vaqt mobaynida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan loyiha ikkinchi oʻqishga tayyorlanib, maromiga yetkazildi. Shuningdek, loyihadan havolaki normalar chiqarilib, ular oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritildi. Loyihani takomillashtirish jarayonida Mudofaa vazirligi mutaxassislari bilan oʻtkazilayotgan islohotlarga hamohang tarzda bir qator jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, yangi sharoitlarda Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsad va vazifalarini belgilab berish, mamlakatimiz milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalarini inobatga olgan holda, davlat harbiy tashkilotini rivojlantirish vazifalari va yoʻnalishlarini aniqlashga ustuvor vazifa sifatida qaraldi.
Deputatlarning fikricha, yangi tahrirdagi qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi qonunchilik tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining mudofaa sohasida ochiqligini keng namoyon etish barobarida, yurtimiz suverenitetini, hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligi himoya qilinishini taʼminlovchi siyosiy, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-huquqiy, tashkiliy va boshqa tusdagi chora-tadbirlar tizimini sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarishga zamin yaratadi.
Tadbirda ushbu qonun loyihasining mazmun-mohiyatini, avvalo, harbiy xizmatchilarga, qolaversa, xalqimizga, yoshlarga yetkazish lozimligi, bunda parlament vakillari Mudofaa vazirligi mutasaddilari bilan birgalikda harbiy qism va muassasalarda tushuntirish-targʻibot ishlarini olib borishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Matbuot xizmati