Deputatlar harbiy qismda muloqot o‘tkazdi
Vatan himoyachisi bo‘lish sharafli burch. Kindik qoni to‘kilgan zaminni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasi, sha’ni va or-nomusini himoya qilish kabidir.

Namanganda yurtimizning fidoyi posbonlarini 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan munosib tabriklash maksadida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat kengashi, O'zLiDePdan saylangan deputatlar ishtirokida Davlatobod tumani hududida joylashgan harbiy qismda bayram tadbiri tashkil etildi.

Samimiy ruhda kechgan muloqotda qayd etilganidek, buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yo‘lida sha’ni, or-nomusi, iymonini o‘rtaga qo‘yib yovga qarshi kurashgan. Ularning so‘zi, ahdu paymonlari qilichdanda o‘tkir bo‘lgan. Zamonlar, makonlar o‘zgarsada ona Vatanga muhabbat, iymonga sadoqat aslo o‘zgarmadi.
Ma’naviyat targ‘ibotchisi, faxriy jurnalist, partiya faoli Komiljon Fayziyev mamlakatimizda istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar haqida to‘xtalarkan, chunonchi, mustaqillik tufayli hayotimizda yorqin sahifalar ochilgani, shaharu-qishloqlarimiz ko‘rkam va obod bo‘lganligi hamda jamiyatimizga beqiyos ma’no va mazmun olib kirgan tinchlik, deya atalmish bu bebaho ilohiy ne’matlarning qadriga yetish, ularga shukr qilish, asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamiz ekanligini alohida ta’kidladi.

Tadbir yakunida harbiy qismda respublikamizning turli hududlaridan kelib o‘zining yigitlik burchini sharaf bilan o‘tayotgan askarlar va harbiy xizmatchilarga xalq noiblari tomonidan bayram sovg‘alari taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA