Deputatlar 110 kVli “Sayilgoh” podstansiyasida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi deputatlari energetika tizimi ob’ektlarida bo‘ldi.
Dastlab ular Energetika vazirligi huzuridagi Milliy dispetcherlik markazi ishi hamda elektr energetika tizimidagi joriy holat va tizimning tezkor boshqaruv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
So‘ngra deputatlar Toshkent shahrida joylashgan 110 kVli “Sayilgoh” podstansiyasi faoliyati bilan tanishish chog‘ida anomal sovuq kunlari iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash jarayonlariga guvoh bo‘ldi.
Tizim mutaxassislari deputatlarga energotizimda amalga oshirilayotgan ishlar, dolzarb muammolarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Bu esa kelgusida sohaga oid islohotlarni yanada takomillashtirish, amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zA