Deputat yordami bilan muammo bartaraf etildi
Xalq deputatlari Beruniy tuman Kengashidagi O'zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Rahima Yuldasheva “Shabboz” mahalla fuqarolar yig‘ini saylovchilarining muammolarini bartaraf etishda tashabbus ko‘rsatib kelmoqda.
bugungi kunda xalq vakillari bo‘lgan deputatlar endi xonada o‘tirib emas, balki xalq orasida yurib, o‘zi belgilab olgan “Yo‘l xaritasi” asosida ish olib bormoqda.
Sovuq tushishi bilan aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji yanada ortadi. Shu bois mahalla hududidagi Hamid Olimjon ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan xonadonlarida tabiiy gaz bosimining pastligi bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaat yuzasidan deputat R.Yuldasheva, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, 4-sektor mutaxassisi bilan birgalikda o‘rganib chiqdi.
Bu bo‘yicha “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi “Qoraqalpog‘istongaz” filiali Beruniy tumanlararo gaz ta’minoti uchastkasi Beruniy hududi boshlig‘iga vakolati doirasida deputatlik so‘rovi yuborildi. Hududdagi tabiiy gaz bosimi past bo‘lgan ko‘chalardagi xonadonlardagi holat o‘rganilib, tabiiy gaz bosimi ko‘tarib berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA