Deputat tadbirkorlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zLiDeP Andijon viloyat Kengashi Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonova tadbirkorlar bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Partiyaning “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” loyihasi doirasida Shahrixon tumani “Hunarmandlar markazi”da uchrashuv tashkil etildi. Unda xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi raisi Xurshida Xalilova, xalq deputatlari viloyat, tuman kengashlari deputatlari, partiya faollari, tadbirkorlar, hunarmand xotin-qizlar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
[gallery-18449]
Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati Odinaxon Otaxonova keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar, tadbirkorlik borasida qonunchilikni takomillashtirish va qonunchilikdagi yangiliklar haqida to‘xtaldi. Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 30 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, maqsadi haqida gapirdi. Xususan, muloqot va uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, tadbirkorlarning taklif, muammo va tashabbuslarini o‘rganish, ularga ko‘maklashish, kelgusida tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish, qonunchilikni takomillashtirish ko‘zda tutilganligi alohida ta’kidlandi.
– Deputatlar, partiya faollari oldida turgan asosiy vazifalardan biri Prezidentimiz tavsiya va ko‘rsatmalari asosida tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirishga, qonunchilikni takomillashtirishga, yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishdan iborat, – deydi Oliy Majlis deputati Odinaxon Otaxonova.
Muloqot davomida deputat tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini, ularni qiynayotgan muammolarni eshitdi. Ularni ijobiy hal etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi. Ayrim masalalar bo‘yicha yuqori tashkilotlarga deputat so‘rovnomasi yuboriladigan bo‘ldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari