Deputat Shirin shahridagi muammolarni o‘rgandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Djonibekova Shirin shahridagi bir qancha tashkilot va korxonalarda bo‘lib, saylovchilar bilan suhbat o‘tkazdi.
Shirin shahridagi “Yoshlar markazi”da o‘tgan uchrashuvda Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan vazifalardan kelib chiqib, yoshlarni otaliqqa olish va ular bilan manzilli ishlash bo‘yicha shtab faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, Nodira Djonibekova Shirin shahridagi 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bo‘ldi. 110 nafar bolajonga mo‘ljallangan bog‘chada 150 nafar bola tarbiyalanmoqda. Bog‘chada 19 nafar tarbiyachi murabbiy mehnat qiladi. N.Djonibekova bog‘cha mudirasi bilan ham muloqot o‘tkazib, ta’lim dargohidagi muammoli masalalarni o‘rgandi. Xususan, 1969-yili barpo qilingan mazkur bog‘cha haligacha mukammal ta’mirdan chiqarilmagan. Ushbu masala deputat nazoratiga olindi.
Deputat shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limi faoliyatini o‘rgandi. 1972-yili barpo etilgan bu shifoxona binosi tamomila nurab bormoqda. Deputat bu muammoni shahar hokimligi mutasaddilari e’tiboriga havola etdi. Muammoni tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida tezkorlik bilan hal etishga kelishib olindi.

Hozir Oliy Majlis palatalarida hamda ularning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitalarida Qurolli Kuchlarni rivojlantirish sohasida, shu jumladan, fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tashi, harbiy xizmatchilarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy jihatdan himoya qilish, mudofaaga ajratilgan byudjet mablag‘laridan foydalanish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan bog‘liq vazifalarning bajarilishi ustidan parlament nazoratining samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Deputat Nodira Djanibekovaning Xovos tumani mudofaa ishlari bo‘limi harbiy xizmatchilari bilan o‘tkazgan muloqoti ham xuddi ana shu mavzularga bag‘ishlandi.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri