Deputat muammolarga yechim topdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Umida Rahmonova bir guruh partiya faollari bilan birgalikda Buxoro shahridagi 20-umumta’lim maktabida bo‘ldi.
Mazkur umumta’lim maktabi ayrim sabablarga ko‘ra joriy ta’mirlash rejasiga kiritilmay kelingan. Deputat Umida Rahmonova maktab o‘qituvchilari tomonidan yo‘llangan murojaatga asosan maktabni 2021 yilda joriy ta’mirlash rejasiga kiritdi. Deputat ushbu ta’lim dargohida bo‘lib yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.
Deputat hududdagi “Sharq yulduzi” mahallasida yashovchi aholi vakillari bilan ham suhbatlashdi. Ularni qiynayotgan muammolarni o‘rgandi.
O‘rganishlar jarayonida deputatga mahallaga qarashli Ko‘ksaroy ko‘chasida bolalar maydonchasi qurish, oqava quvurlarni almashtirish, tungi yoritgichlar bilan ta’minlash va ichki yo‘laklarni kengaytirish masalalari yuzasidan murojaatlar bo‘ldi.
Deputat mazkur muammolarni hal etish maqsadida viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi. Viloyat hokimi tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlariga ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. Mazkur muammolar qisqa fursat ichida hal etiladigan bo‘ldi.


Zarif Komilov, O‘zA