Deputat muammolarga yechim izladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Muhammedov G‘ijduvon tumanidagi 66- umumta’lim maktabida bo‘lib, ta’lim muassasasining faoliyati va sharoitlari bilan tanishdi.
1958 yilda foydalanishga topshirilgan maktab 400 o‘rinli bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish uchun zarur sharoitlar ko‘rib chiqildi.
O‘rganish davomida maktabning kitoblar bilan ta’minlanganligi, oshxona, shuningdek, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan sinfxonalar holati o‘rganildi.

Maktabda faoliyat olib borayotgan pedagoglar bilan suhbat jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda unda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyati hamda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining asosiy yo‘nalishlari keng jamoatchilikka tushuntirildi. Shu bilan birga, loyiha bo‘yicha taklif va mulohazalar tinglandi.
Suhbat jarayonida pedagoglar hamda maktab o‘quvchilarining ota-onalari maktabga olib boruvchi yo‘lning, ayniqsa, qish kunlari yomg‘ir va qor yoqqan paytlarda loy va suvga to‘lib qolishi, yo‘lning talab darajasida emasligi, shuningdek, yo‘lni ta’mirlash va asfalt yotqizish zarurligi bo‘yicha murojaat bildirishdi.
Deputatlar ushbu masalani tezkor hal etish maqsadida shu kunning o‘zida tuman mutasaddilari bilan bog‘lanib, yo‘lni tekislash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi va yaqin kunlarda yo‘l ta’mirlanishi belgilandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oybek Rahimov Buxoro shahridagi “Afshormahalla” mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati bilan tanishdi.
Dastlab mahalla yettiligi faoliyati yaqindan o‘rganilib, aholi bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal etish va hududni obodonlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida mahallada ishsizlik darajasi 0,1 foizga tushirilgani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, “Afshormahalla” mahallasi tomonidan yaqin istiqbolda hududni jinoyatchilik va ishsizlikdan xoli mahalla maqomiga olib chiqish bo‘yicha aniq va istiqbolli rejalar ishlab chiqilgani ta’kidlandi. Aholining tarqoq joylashganligi sababli hududda umumta’lim maktabi va davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etish zarurati yuzasidan fikr almashildi.

O‘rganishlar davomida “Kunjuqal’a sport maydoni” MCHJ faoliyati bilan ham tanishildi. Tadbirkor A. Afzalov tomonidan amalga oshirilgan ishlar ijobiy baholandi. Hududda savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalarini kengaytirish, shuningdek, kelgusida xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish rejalari muhokama qilindi. Savdo majmuasi atrofida yashil hududlarni kengaytirish va aholi uchun qulayliklar yaratish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, mahalla hududida joylashgan uy-mehmonxonasi faoliyati ko‘zdan kechirilib, uni zamonaviy talablar darajasiga keltirish, mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda xizmatlar turi va sifatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri