Deputat investitsiya loyihalari bilan tanishdi
O‘zLiDePning “Deputat – investorga madadkor” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Q.Yeshbayev Qo‘ng‘irot tumanida joriy yil amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalarini o‘rgandi.
Deputatlik faoliyati doirasida hududlarda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarning amaliy holatini o‘rganishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Navbatdagi o‘rganish jarayonida Qo‘ng‘irot tumanida Hududiy investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilishi belgilangan yangi investitsiya loyihalari bilan tanishildi. Loyiha tashabbuskorlari va mas’ul tashkilotlar vakillari bilan muloqotlar o‘tkazilib, ularning amalga oshirish jarayonlari, mavjud imkoniyatlar va yuzaga kelayotgan masalalar muhokama qilindi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 2026-yilda Qo‘ng‘irot tumanida umumiy qiymati 6 milliard 373 million so‘m bo‘lgan 7 ta yangi investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar asosan xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarini qamrab olgan bo‘lib, zamonaviy savdo va ko‘ngilochar markazi, mehmonxona majmuasi, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi, aholiga xizmat ko‘rsatish inshootlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.
Deputat tomonidan o‘rganish davomida har bir loyihaning amalga oshirish bosqichlari, moliyalashtirish manbalari, ishga tushirish muddati, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanganlik holati hamda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqotlar jarayonida investorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, loyihalarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish va mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Qayd etish joizki, “Deputat – investorga madadkor” loyihasi deputatlarning tadbirkorlar bilan yaqin muloqotini ta’minlash, hududlardagi investitsiya jarayonlarini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘rganilgan loyihalar to‘liq amalga oshirilishi natijasida Qo‘ng‘irot tumanida 76 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va hudud iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri