Deputat Bo‘stonliqda o‘rganishlar olib bordi
Bo‘stonliq tumani sayyohlik salohiyati yuqori bo‘lgan hudud bo‘lib, so‘nggi yillarda investitsiyalarni jalb qilish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va yoshlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar parlament a’zolari va deputatlarning doimiy e’tiborida.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Narimon Umarov mazkur hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini o‘rgandi. Tuman mas’ullari, faollari bilan uchrashuvda asosiy e’tibor aholini dori vositalari bilan ta’minlash darajasini oshirish, onkologik kasalliklarni erta aniqlash hamda ularni davolash jarayonlarini yaxshilashga qaratildi. Shuningdek, turizm sohasini rivojlantirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.
Tuman hokimligi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda 2024 yildagi yutuqlar va 2025 yil uchun rejalar muhokama qilindi. Xususan, o‘tgan yil 1 trillion 417 milliard so‘mlik 40 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi natijasida 1 ming 576 nafar ish o‘rinlari yaratildi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 133 foizga oshgan. Shu bilan birga, joylarda 15 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilgan va 112,4 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirishga erishilgan.
Joriy yil esa sohalarda 1 trillion 942 milliard so‘mlik 31 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi natijasida 1 ming 790 nafar ish o‘rinlari yaratiladi. Ayniqsa, turizm tarmoqlari bo‘yicha “Ustoz-shogird” tizimini yaratish, yoshlarga o‘qish bilan bir vaqtda daromad topish imkoniyatini berish maqsad qilinmoqda. Natijada yiliga 1 ming 500 nafar yoshlarni ish bilan ta’minlash va turizm ob’ektlarida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga erishiladi. Buning uchun 9 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislarni 6 oy mobaynida bepul o‘quv-amaliyot jarayonlariga jalb qilinadi.
Deputat N.Umarov tomonidan turizmni rivojlantirish uchun yo‘l va infratuzilmani yaxshilash, yangi mehmonxona va dam olish maskanlarini qurish, turizm sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish muhimligi haqida takliflar berildi. Bo‘stonliqda investitsiyaviy salohiyat yuqori ekanligi, turizm, farmatsevtika, energetika va sanoat sohalarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Shuningdek, deputat tomonidan tumandagi dorixonalarda o‘rganishlar olib borish jarayonida tibbiyot xodimlari hamda aholining fikr-mulohazalari tinglandi. Aniqlanishicha, chetdan kirib kelayotgan dori vositalari narxiga xorijiy valyutalar kursidagi nomutanosibliklar o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. O‘rganishlar davomida mazkur dorixonalarda aholiga yetkazib berilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifati hamda ularning narxi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilayotgan dori-darmonlar va tibbiy vositalarga ham e’tibor qaratildi.
A.Musayev, O‘zA