Denovliklar uyushqoqlik bilan ovoz bermoqda
Surxondaryo viloyatida ham ovoz berish bayramona kayfiyatda boshlandi. Hududda mavjud 860 ta referendum uchastkasi ertalabki soat 8:00 da davlat madhiyasi ijrosi bilan ochildi.
Denov tumanidagi 618–referendum o‘tkazuvchi uchastkada Bobur nomli mahalla fuqarolari o‘z xoxish-irodasini ifoda etmoqda. Mahallada 5 ming 676 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Ularning 2 ming 270 nafari ovoz beruvchilar ruyxatiga kiritilgan. 106 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi.

Denov tumani hokimi Ilhom Abrarov ham mazkur uchastkaga ota-onasi va oila a’zolari bilan kelib, baxtli kelajak va obod turmush uchun ovoz berdi.
Tumandagi 701-refrendum uchastkasi Paxtakurash mahallasida joylashgan. Referendumda mahalladagi 2 ming 425 fuqaroning ovoz berishi kutilmoqda. Ularning 65 nafari ilk marta ovoz berayotgan yigit-qizlardir.

Bugun 18 yoshga to‘lgan Manzura Ro‘ziqulova ham o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda birinchilardan bo‘lib ovoz berdi.
Uchastka komissiyasi a’zolari Manzurani tug‘ilgan kuni va ilk marta ovoz bergani bilan tabriklab, esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Viloyatda ovoz berish qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri