Denovda 384 ta oila yangi uyli bo‘ldi
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Lochin mahallasida 384 ta xonadonga mo‘ljallangan to‘rtta 16 qavatli uy-joy foydalanishga topshirildi.
Prezidentimizning 2020 yil 9 apreldagi “2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tumanda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zamonaviy korxonalar, keng, ravon yo‘llar, ko‘p qavatli uy-joy va boshqa obektlar qurilib, tuman qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda.


Energiya tejamkor loyihalar asosida zamonaviy qurilish materiallaridan barpo etilgan yangi ko‘p qavatli uylarda ham odamlarning munosib turmush kechirishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
–Osmono‘par yangi uydagi qulayliklar poytaxtnikidan qolishmaydi,–deydi yangi xonadon sohibasi Maftuna Bobomurodova.
– Derazadan shundoq tashqariga qarasangiz tumanimiz kaftingizday ko‘rinadi. Gapning rosti yaqin yillarda ham bunaqa baland uylar qurilishini xayolimizga sig‘dirolmas edik. Salobatli uylarning atrofi obodonlashtirilib, bolalar maydonchalari ham qurilgan.

Arzon, sifatli va barcha sharoitlarga ega uyli bo‘lganimizdan quvonchimiz cheksiz. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
Yangi uylarga ko‘chib o‘tayotgan aholiga barcha qulayliklarni yaratish uchun bu yerda 120 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etilayotir. 1 ming 176 o‘rinli umumta’lim maktabi mukammal ta’mirlanib, qo‘shimcha 360 o‘rinli yangi bino qurilmoqda.

Massivda joriy yilda yana 450 xonadonga mo‘ljallangan sakkizta 7, 9, 12 va 14 qavatli zamonaviy uy-joylar qurilib, foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, tumandagi Nurli manzil mahallasida qad rostlayotgan 180 xonadonli 6 ta besh qavatli turar-joy binosida so‘nggi qurilish ishlar yakunlanmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri