Denovda 3 ming 500 xonadonli yangi massiv qad rostlaydi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yana bir yirik loyiha – “Denov Siti” massivi qurilishiga ilk tamal toshi qo‘yildi.
O‘tmishdan yirik iqtisodiy-madaniy markaz sifatida tanilgan Denov – mamlakatimizdagi aholi ko‘p yashaydigan tumanlardan biri. Ayni paytda 450 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi.



Prezidentimizning 2020 yil 9 apreldagi “2020 – 2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan keng qamrovli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirayotir. Aholi sonining ortishi va urbanizatsiya jarayonlari inobatga olinib, zamonaviy, arzon, shinam ko‘p qavatli uy-joylar qurilmoqda.



Tumandagi Sanoatchilik mahallasida barpo etilayotgan yangi yirik majmuada 3 ming 500 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turar-joy binolari, savdo va xizmat ko‘rsatish, dam olish va sport-sog‘lomlashtirish markazlari, boshqa infratuzilma inshootlari quriladi. Qiymati 980 milliard so‘m bo‘lgan loyiha olti yilda to‘liq foydalanishga topshiriladi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov zamonaviy massiv qurilishiga start berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri