Dehqonobod tadbirkorlik markaziga aylanadi
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi qaroriga asosan Dehqonobod tumanida pista va kavrak plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha Soliq qo‘mitasining tashabbusi bilan “Tadbirkorlikni rivojlantirish ofisi” tashkil etilib, 86,5 gektar yer maydoni ajratildi.
Shundan 74,5 gektariga pista va oraliq maydoniga kavrak, 4 gektarida kavrak urug‘chiligi, 3 gektarida kavrak ko‘chatchiligi tashkil etilgan. Shu bilan birga 5,5 gektar maydonga 10 turdagi mevali daraxtlar ekildi.
Plantatsiyani tomchilatib sug‘orish maqsadida chuqurligi 200 metr bo‘lgan artezian suv qudug‘i qazilib, suv chiqarildi. Turkiyadan mutaxassislar jalb qilinib, loyiha asosida zamonaviy tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy qilindi. Plantatsiya maydoni 4 ming 200 metr panjara bilan o‘rab olindi.
3,4 kilometr masofadan elektr tarmog‘i olib kelingan hamda ikkita transformator o‘rnatilgan.
Tuman markazidan plantatsiyagacha nosoz bo‘lgan 6,1 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al to‘kilib, ta’mirlandi.
[gallery-17235]
– Xodimlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida yengil konstruksiyali zamonaviy ofis binosi qurilib, mebel va orgtexnika jihozlari bilan ta’minlandi, – deydi “Tadbirkorlikni rivojlantirish ofisi” MCHJ direktori Bahrom Karimov. – 3,5 kilometr masofadan optik tolali yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i tortilgan. Tashkil etilgan pista va kavrak plantatsiyasi maydoniga to‘liq video kuzatuv moslamalari o‘rnatildi. 200 nafarga yaqin ishsiz aholi, jumladan, uyushmagan yoshlar har yili mavsumiy ishlarga jalb etilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbiri