Dehqonobod podstansiyasi quvvati 4 barobarga oshirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi Dehqonobod podstansiyasida elektr ta’minoti infratuzilmasini yanada mustahkamlashga qaratilgan yirik modernizatsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan iste’molchilarni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, ortib borayotgan yuklamalarni barqaror qoplash maqsadida podstansiya quvvatini oshirish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida Toshloq, Yozyovon va Qo‘shtepa tumanlarining elektr ta’minotida muhim ahamiyatga ega mazkur podstansiyadagi 10 ming kVA quvvatli transformator o‘rniga 40 ming kVA quvvatli yangi kuch transformatori o‘rnatilmoqda. Ayni paytda mutaxassislar tomonidan uskunani joylashtirish, montaj qilish va elektr tarmoqlariga ulash ishlari davom etmoqda.
Loyiha yakunlanishi natijasida elektr ta’minotining ishonchliligi va sifati oshib, iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
[gallery-29805]
Shuningdek, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini elektr tarmoqlariga ulash imkoniyatlari ortib, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur modernizatsiya loyihasi hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilish barobarida, viloyat energetika tizimining barqarorligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA