Dehqonchilik va chorvachilik “drayver”ga aylanmoqda
Kambag‘allikdan farovonlik sari
Surxondaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik rivojlanib, oilaviy byudjetga qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Jumladan, Sho‘rchi tumanidagi Kakan mahallasida ham qishloq xo‘jaligi va chorvachilik hududning asosiy “drayveri”ga aylanmoqda.

Mahalladagi 786 xonadonda 4 ming 653 kishi istiqomat qiladi. Aholi vakillari tomorqalardan unumli foydalanish bilan birga, chorva mollari parvarishini ham yo‘lga qo‘ygan. Tuman hokimining mahalladagi yordamchisi Muhammad Shoyqulov ko‘magi bilan o‘tgan yili dehqonchilikni rivojlantirish va issiqxona barpo etish uchun 33 oilaga kredit mablag‘i ajratildi. Hozir ellikka yaqin oiladagi ixcham issiqxonada turli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilmoqda.

– Xalqimiz mehnatkash, yangilikka intiluvchan. Biron g‘oya bersangiz qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi doirasida qo‘ziqorin yetishtirishni taklif qilgan edik. Taklifga beshta oila qiziqish bildirdi. Hozir ular qo‘ziqorinning “veshenka” navini parvarishlamoqda, – deydi Muhammad Shoyqulov. – Qo‘ziqorinning bu navi juda foydali va oqsilga boy bo‘lib, bir oyda hosilga kiradi. Qo‘ziqorin urug‘lari o‘rtacha 10-12 kilogrammgacha hosil beradi. Yana bir afzalligi shundaki, uni yilning istalgan faslida yetishtirib, daromad olsa bo‘ladi.

– Turmush o‘rtog‘im bilan birga mavsumiy dalada ishlaymiz, – deydi Kakan mahallasidan Nasiba Eshonqulova. – Ikki farzandimizni uyli-joyli qildik. Dehqonchilik ortidan ro‘zg‘orimiz obod bo‘lmoqda. Imtiyozli kredit asosida issiqxona qurib berishdi. Tomorqamizda kartoshka, issiqxonamizda turli ko‘kat yetishtiryapmiz. Oilamizga biriktirilgan vakillar 50 dona maxsus ozuqabop qopga joylashtirilgan qo‘ziqorin olib kelishdi. Uni ham e’tibor bilan parvarishlayapmiz.

Mahalla tomorqalarida yetishtirilayotgan kartoshka, pomidor, bodring, sarxil ko‘kat va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, parvarishlanayotgan chorva mollari qishin-yozin bozorlar to‘kinligini, tomorqa yer egalarining farovon hayoti va fayzli turmushini ta’minlayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri