Dehqonchilik hadisini olgan mirishkorlar
Andijon viloyati Izboskan tumanida tomorqadan unumli foydalanish, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish orqali daromad topayotgan, nafaqat o‘z oilasi, balki mahallasidagi ko‘plab ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlayotgan oilalar ko‘p.
Qorayantoq mahallasi Sarbon ko‘chasida yashovchi A’zamjon Toshpo‘latovlar oilasi ham ana shunday mirishkorlardan. Ushbu oiladagi besh nafar aka-uka bundan o‘n yillar avval mahallada birinchi bo‘lib o‘z tomorqasida issiqxona barpo etib, gulchilik bilan shug‘ullana boshlagan. Ularning ko‘magi va maslahati bilan mahallada yana ko‘plab oilalar issiqxona tashkil etib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi.
– Ayni kunda mahallamizdagi 729 ta xonadonda 4 ming 300 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Izboskan tumanida Qorayantoq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Marhaboxon Mo‘minova. – Mahallamizdagi 158 ta xonadon egalari o‘z tomorqasida issiqxona barpo etgan. Issiqxonalarda asosan, rezavorlar, bodring, pomidor, limon yetishtiriladi. Bundan tashqari, turli ko‘chatlar yetishtirish borasida ham yaxshigina tajriba to‘plangan. Mazkur xonadonlardagi issiqxonalarda yetishtirilayotgan noz-ne’matlar xalqimiz dasturxonining mo‘l-ko‘lligini ta’minlash bilan birga, oilalar byudjetiga yaxshigina daromad keltirmoqda.
Mirishkor dehqon uchun yerdan qadrliroq va bebaho ne’mat yo‘q. Tomorqa sohibining samarali mehnati, intilishi, izlanishi bilan nafaqat uning o‘zi, balki jamiyat ham manfaat ko‘rmoqda. Eng muhimi, ko‘plab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanmoqda. Keyinchalik Toshpo‘latovlar oilasi qo‘shimcha yer olib o‘z issiqxonalarini kengaytirdi. Yetishtirilayotgan mahsulot va ishlovchilar soni ham yanada ortdi. bugungi kunda Qorayantoq mahallasida yashovchi ushbu oila vakillari tomonidan qariyb 3 gektarga yaqin maydonda barpo etilgan issiqxonalarda sitrus mevalar – limon, mandarin, apelsin kabi sitrus mevalar yetishtirilmoqda, shuningdek, sitrus mevalar ko‘chatlari ham tayyorlanib, xaridorlarga yetkazib berilmoqda.
– Yer xazina, undan unumli va samarali foydalanilsa, insonga behisob ne’matlar, katta boylik beradi, – deydi A’zamjon Toshpo‘latov. – Ayniqsa, izlanib mehnat qilinsa, olinadigan daromad bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin. Biz yillar davomida issiq o‘lkalarda pishadigan sitrus mevalarni o‘zimizda yetishtirishga erishdik, qolaversa, ana shu mevalar ko‘chatlarini tayyorlashni ham yo‘lga qo‘ydik.
Bu ishlar albatta, osonlikcha bo‘lgani yo‘q. Buning ortida qancha-qancha mehnat, mashaqqat yotibdi. Eng asosiysi, ana shu yo‘nalishda o‘z tadbirkorligimizni yo‘lga qo‘yib, yaxshi daromad olyapmiz, ko‘plab mahalladoshlarimizni mavsumiy ishlarga jalb etib, ularning ham daromadini oshirishga, bandligini ta’minlashga yordam beryapmiz.
Hozirda A. Toshpo‘latov oilasiga qarashli issiqxonalarda apelsin, mandarin singari sitrus mevalar bilan birga, ming to‘pdan ziyod palma, limon, shuningdek, turli navlardagi gul ko‘chatlari parvarishlanmoqda. O‘z tomorqasidagi issiqxonalarda pomidor, bodring, turli rezavorlar yetishtirayotgan, turli-tuman gullar, bodring, pomidor, qalampir, bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini parvarishlab, yiliga ikki, uch marta hosil olayotgan mahalla ahliga har qancha havas qilsa arziydi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun Qorayantoq mahallasida tomorqadan unumli foydalanish borasida yuqoridagi kabi ibratli ishlar izchil olib borilmoqda. Bu o‘z navbatida dehqonchilik madaniyatini, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishga, oilalar daromadini oshirishga, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA.